Parlamentlararo aloqalar mustahkamlanmoqda

Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi To‘rog‘asi o‘rinbosari Asel Koduranova mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash hamda muntazam muloqot, barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikning qonuniy asosini rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi.
7.JPG
Bugungi kunda yaxshi qo‘shnilik, do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari turli yo‘nalishlarda jadal taraqqiy etmoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar o‘rtasida aloqalar tobora kengaymoqda.
Mazkur parlamentlararo komissiyaning tashkil etilishi bu boradagi ishlarning amaliy natijalaridan biridir.
Majlisda parlamentlararo munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.
11.JPG
– Muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar o‘zaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda, – dedi Asel Koduranova. – Hamkorlikni rivojlantirishga mushtarak intilish parlamentlararo munosabatlarda ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Parlamentlararo komissiyaning birinchi majlisi yuqori saviyada tashkil etilib, kelgusidagi muhim vazifalar, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
15.JPG
Komissiya majlisi yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning reglamenti, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi devonining ilmiy-tadqiqot markazi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA