Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti yaxshilanib, tadbirkorlik sub’ektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Shu bilan birga, qonunchilikni xalqaro normalarga uyg‘unlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati ham mavjud.

Senatning qirq to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qonunchilikdagi ayrim bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan.

Jumladan, tovarlarni olib kirishda bojxona qiymatini aniqlashga doir normalar xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilmoqda.

Qonun bilan sohaga yangi amaliyotlar joriy etilmoqda. Xususan, bojxona hududi reeksport bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlarni olib chiqish bo‘yicha aniq muddatlar, shuningdek, reeksportga olib chiqilmagan tovarlarning saqlash joylari belgilanmoqda.

2018-2020 yillarda bojxona omborlariga 488 partiyadagi qiymati 186,8 million dollarga teng 125,6 ming tonna tovarlar olib kelingan bo‘lib, bugungi kunga qadar “bojxona ombori” bojxona rejimida muddati o‘tgan holda saqlanmoqda.

Qonun tovarlar bir necha bor bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilganda yoki boshqa shaxsga o‘tkazilganda bojxona ombori bojxona rejimining umumiy amal qilish muddati 3 yildan oshmasligi bo‘yicha aniqlashtiruvchi norma bilan to‘ldirilmoqda.

Qonunga ko‘ra, endilikda tovarlarni bojxona hududida qayta ishlashning texnologik jarayoni to‘g‘risidagi hujjat kichik turdagi tashkilotlardan emas, balki faqatgina yirik davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlardan talab etiladi.

Mazkur yengillik tadbirkorlar uchun qayta ishlash rejimidan samarali foydalanish imkonini beradi.

Qonun bilan tovarlar chiqarib yuborilguniga qadar tayinlangan bojxona ekspertizasining natijalari olingunicha tovarlarni chiqarib yuborishga ruxsat berilmoqda.

Olib chiqiladigan tovarlarga nisbatan to‘xtatib turish chorasini ko‘rish mumkinligi bo‘yicha norma kiritilmoqda. Bu amaliyot tovarlar eksportini amalga oshiruvchi milliy ishlab chiqaruvchilarga qulayliklar beradi. Xususan, bu o‘zi ishlab chiqargan tovarlarning kontrafakt nusxalarini xorijga eksport qilishning oldini oladi, chet davlatlarda milliy brendlarimiz obro‘sini oshiradi, halol raqobat muhiti (o‘zganing brendini o‘g‘irlamaslik)ni ta’minlaydi.

Senatorlar ma’qullagan qonun milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilishini ta’minlashga, shu jumladan, iqtisodiyotda teng raqobat uchun shart-sharoitlar yaratishga va chet el investitsiyalarini keng jalb qilishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA