Mamlakatda ilg‘or xorijiy tajriba, jahon fanining zamonaviy yutuqlari, innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni ta’minlash maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida Innovatsion rivojlanish agentligi tashkil etilgan edi.

Innovatsion rivojlanish agentligi axborot xizmati rahbari Hojiakbar Karimovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda vazirlik va idoralar tasarrufidagi 200 dan ziyod ilmiy va ta’lim tashkilotida ilmiy darajali kadrlar tayyorlanmoqda. O‘tgan 2023 yilda keyingi yil uchun stajyor-tadqiqotchilikka, tayanch doktoranturaga, doktorantura va maqsadli doktoranturaga jami 5 ming 200 ta o‘ringa qabul kvotasi ajratilgan. 2024 yil uchun taqsimlangan kvota doirasida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, 4  ming 200 ta (81 foiz) kvota o‘zlashtirilgan.

Respublikada kreativ iqtisodiyotni shakllantirishda yangi ish o‘rni yaratishdan boshlab iqtisodiy qiymat (kapital) yaratishgacha bo‘lgan “tarmoq-hudud-ilmiy/oliy ta’lim tashkilot” uzluksiz ekotizimini rivojlantirish maqsadida bir necha yo‘nalishlar belgilab berilgan. Xususan, innovatsion infratuzilma sub’ektlari tarmog‘ini shakllantirish orqali startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda yirik hajmli ishlab chiqarishni (kapital yaratish) tashkil etish bo‘yicha o‘tgan 2023 yilda jami 46 ta innovatsion faoliyat infratuzilmasi sub’ektlari tashkil etilgan.

Jumladan, 11 ta Texnologik parklar, 4 ta Texnologiyalar transferi markazlari, 4 ta Innovatsion klasterlar, 16 ta Innovatsiya markazlari, 11 ta biznes inkubatorlar va akselerator faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Kichik tadbirkorlikning innovatsion faolligini oshirish orqali innovatsion hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy jadal o‘sishini ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha har bir tumanning innovatsion rivojlantirish Konsepsiyasi hamda Chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

2023 yilda innovatsion tumanlarda 28,9 milliard so‘m qiymatga ega 28 ta loyiha shakllantirilgan bo‘lib 6,6 milliard so‘m bo‘lgan 9 ta startap va  22,3 milliard so‘m bo‘lgan 19 ta tijoratlashtirish loyihasi moliyalashtirilgan. Bundan tashqari mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 11,9 milliard so‘m miqdorida ilm-fanga yo‘naltirilgan.

Yoshlar texnoparklarida 10 ming 298 nafar yosh qamrab olingan. Tashkil etilgan dasturlar doirasida hududlardagi yoshlar tomonidan 280 ta startap loyihasi shakllantirilishiga ko‘maklashilib, 133,3 foiz o‘sish ta’minlangan.

Tarmoq korxonalarida innovatsion ekotizimni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan jami 441 ta loyihadan 378 ta loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan. Bunda 3,9 trillion so‘m o‘zlashtirilgan va 25 ta tarmoqda jami 209 ta loyiha bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlangan.

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 2023 yil davomida jami 9 ta startap loyihasi tanlovi e’lon qilingan. Umumiy tanlovlarga jami 817 ta taklif loyiha kelib tushgan. Tanlovlar natijasiga ko‘ra jami 43,7 milliard so‘mlik 54 ta startap loyiha moliyalashtirishga tavsiya etilgan.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA