Ukraina kelasi yil boshida davlat byudjetini to‘ldirish bo‘yicha  xalqaro moliyaviy  donorlar bilan shoshilinch uchrashuv o‘tkazishga intilmoqda, buning uchun mamlakat bosh vaziri donorlarni muvofiqlashtirish kengashiga maktub yo‘lladi, deb xabar berdi “Bloomberg” nashri.

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal o‘z maktubida asosiy byudjet ehtiyojlarini qoplash uchun yanvar oyida moliyaviy resurslar olish zarurligini ma’lum qilgan.

U o‘z davlatiga zudlik bilan yordam ko‘rsatishga e’tibor qaratishga chaqirar ekan, uzoq muddatli vazifalarga emas, birinchi navbatda o‘qituvchilar, davlat xizmatchilari va nafaqaxo‘rlarga to‘lovlar uchun  moliyaviy yordam zarurligini bildirgan.

Yevropa Ittifoqida Vengriya joriy yilning iyun oyidan boshlab Ukrainaga makromoliyaviy yordam ajratishga to‘sqinlik qilib keladi.

Qo‘shma Shtatlarda esa sentyabr oyidan beri  Respublikachilar partiyasi Ukrainaga yordam ko‘rsatishga qarshilik qilib keladi. Ularning fikricha, avvalo AQSH o‘zining ichki muammolarini hal qilib olishi lozim.