Mobil telefonlar nafaqat aloqa, balki moliyaviy operatsiyalarni bajarish vositasiga aylanib bormoqda. Chunki turli bank xizmatlari, mobil ilovalarni telefon raqamiga ulab, turli xizmatlarga pul o‘tkazayotgan yurtdoshlarimiz ko‘paydi.

Ammo gohida telefon raqamini yangilagan shaxslar eski raqamiga ulangan xizmatlarni o‘chirishni esdan chiqarmoqda. Oqibatda esa qachondir o‘sha raqamni rasmiylashtirib olgan kishilarga avval ulangan xizmatlar orqali shaxsning bank kartasiga doir ma’lumotlar oshkor bo‘lmoqda.

Oliy sud axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, sud amaliyotida aynan shunday holat uchragan. Ya’ni, telefondagi mobil ilova orqali o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus tumani sudi tomonidan o‘tkazilgan ochiq sayyor majlisida 2004 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi A.D. 2022 yil dekabr oyida yangi SIM-karta sotib olib, ushbu karta orqali jabrlanuvchi B.G.ning plastik kartasi “Slick” mobil ilovasiga ulanib turganidan xabar topgan.

O‘zganing mulkini qonunga xilof ravishda talon-toroj qilish maqsadida 2023 yil yanvar oyidan iyul oyiga qadar uning plastik kartasidan jami 2 million 214 ming so‘m pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, jabrlanuvchiga moddiy zarar yetkazgan.

Sudlanuvchi bu xatti-harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni qasddan sodir qilgan.

Sud majlisida sudlanuvchi A.D. o‘ziga e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorligini bildirgan. Sud hukmi bilan sudlanuvchi A. D. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topildi.

Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, bir yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilanib, shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi bekor qilinib, u sud zalidan qamoqqa olindi.

N.Abduraimova, O‘zA