Markaziy bank matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bank tomonidan joriy yilning oktyabr-dekabr oylarida tijorat banklari muassasalarida mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni tashkil etish bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etilayotgani yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida bir qator banklarning joylardagi muassasalari tomonidan qoidabuzarlik holatlari kuzatilgan.

Aniqlangan qoidabuzarlik holatlaridan 48 foizi kredit, 29 foizi omonat hamda 23 foizi bank kartalari bilan bog‘liq amaliyotlarga tegishli.

Bunda qoidabuzarliklarning asosiy qismi kreditlar va omonatlar to‘g‘risida qonunchilik hujjatlarida ko‘zda tutilgan axborotlarning to‘liq taqdim etilmaslik hamda karta orqali to‘lovlar qabul qilinmaslik va bank kassasidagi terminallar orqali naqd pul berilmaslik kabilarni tashkil etgan.

Ushbu holatlar mavjud bo‘lgan bankning boshqaruv organlari tomonidan bankning reputatsion xatarlarini samarali boshqarishga e’tibor qaratilmayotgani bilan ifodalanadi.

Markaziy bank kelgusida ham barcha tijorat banklari muassasalarida va banklarning masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlarida mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni tashkil etishda qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan muntazam ravishda nazorat tadbirlari amalga oshirib borilishi hamda nazorat tadbirlari natijalariga asosan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan banklarga nisbatan jarima jazo choralarini qo‘llab, bu haqda ushbu banklarning nomlarini ko‘rsatgan holda ommaviy axborot vositalari orqali e’lon qilib borilishini ma’lum qiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA