O‘zbekiston Badiiy akademiyasida Badiiy akademiya huzuridagi Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi)ni muvaffaqiyatli tamomlagan ilk bitiruvchilarga bitirganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov ochib berdi.

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining 2020 yil 21 apreldagi “Tasviriy va amaliy san’at sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori milliy tasviriy va amaliy san’atimiz istiqbolini belgilab bergan hujjat bo‘ldi.

2020 yil 15 dekabr kuni Prezidentimizning ushbu qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Badiiy akademisi huzurida Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi) faoliyatini tashkil etish chora-tabirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mahorat ustaxonalariga iste’dodli yoshlarni saralab olishda tanlov e’lon qilindi va  respublika miqyosida 10 nafar munosib iqtidorlar O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga a’zo taniqli rassomlar, akademiklar, soha darg‘alari ishtirokida tanlandi. 2022 yil yanvaridan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzurida Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi)  faoliyat boshladi.

Oliy rassomlik kursida 10 nafar stajyor-tadqiqotchi o‘qib, o‘ziga biriktirilgan ijod ustaxonasida ijodiy rahbar qo‘li ostida bilim va tajribalarini orttirdi.

Rassomlik mahorat ustaxonasi (oliy rassomlik kursi)ning ilk bitiruvchilari faoliyat davrida (rangtasvir, miniatyura va grafika yo‘nalishlarida) jami 300 ga yaqin badiiy asar yaratdi. O‘z ijodiy asarlari bilan respublika va xalqaro ko‘rgazma, biyennalelar doirasida shaxsiy va guruh ko‘rgazmalarini namoyish etdi.

Shuningdek, ular mo‘yqalamiga mansub badiiy asarlar xalqaro miqyosdagi albom, monografiya va kataloglarga kiritildi. Bundan tashqari, xorijiy ijodiy safarlarlarda bo‘lib, jahon muzeylarida saqlanayotgan noyob asarlar bilan yaqindan tanishdi.

Tadbir yakunida so‘z olgan bitiruvchi rassomlar Rassomlik mahorat ustaxonasida ustozlardan olgan saboqlari unutilmas maktab bo‘lganini ta’kidlab, o‘z dil so‘zlarini izhor etdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA