Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlis kun tartibidan bir qator masalalar o‘rin olgan.

Majlisni kirish so‘zi bilan ochgan Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov 22 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi haqida to‘xtaldi: 

— Bugun ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda muhim vazifalar oldimizda turipti. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ma’naviyat, madaniyat, san’at, ijod sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdilar. Shu bilan birga, dunyoda ro‘y berayotgan o‘ta ziddiyatli, tahlikali vaziyatda milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib, ma’naviyat, madaniyat, ma’rifat sohasida olib borilayotgan asosiy yo‘nalishlar chuqur tahlillarga asoslangan holda ko‘rsatib berildi.

Kuni kecha fraksiyalarimiz yig‘ilishlarida ham ushbu ma’ruza chuqur tahlil qilindi, muhokamalarda fraksiyalar oldida turgan vazifalar belgilab olindi. Ta’kidlash joizki, tom ma’noda ma’naviy hayotimizda tub islohotlar boshlandi. Bu borada palatamiz deputatlari oldida turgan ishlar talaygina. Bir qator yangi qonunlarni qabul qilishimiz kerak, amaldagi qonunlarning joylarda samarali ishlashini ta’minlashimiz kerak. Prezidentimiz belgilab bergan vazifalarni hayotga tatbiq etishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozim bo‘ladi, — dedi Spiker.

M.Komilova, O‘zA