O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Qirg‘iziston Respublikasi Adliya vazirligi o‘rtasida 1997 yilda imzolangan Hamkorlik bitimi doirasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.

Ikki vazirlik rahbarlarining onlayn uchrashuvi davomida mazkur dasturning tomonlar uchun ahamiyati, jumladan, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish uchun tuzilgan ilk dastur ekani va muhim hamkorlik belgisi sanalishi alohida ta’kidlandi.

Dasturda belgilangan chora-tadbirlar o‘zining bugungi kundagi dolzarb masalalarga bog‘liqligi hamda ushbu hamkorlik yaqin kelajakda yuksak natijalarga erishish uchun ko‘prik vazifasini o‘tashi e’tirof etildi.

Dastur – notariat, advokatura, adliya tizimida raqamlashtirish, qonun ijodkorligi va bepul yuridik xizmat ko‘rsatish sohalari hamda boshqa ikki tomon uchun manfaatli sohalarni o‘z ichiga olgan.

Unda hamkorlik doirasida ikki qardosh xalqning kelgusi faoliyati va uning rivojiga salmoqli hissa qo‘shilishi, fuqarolarining yuridik xizmatdan foydalanishida yengilliklar yaratishi, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish nazarda tutilgan.

N.Abduraimova, O‘zA