Yakunlanayotgan yil davomida butun dunyo bo‘ylab minglab isnonlar, jumladan, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq tabiiy ofatlar qurboniga ham aylandi. Xususan, suv toshqini tufayli o‘lim, vayronagarchilik holatlari ko‘plab mamlakatlarda sodir bo‘ldi.
Ob-havo nomutanosibligi, karbonat angidrid chiqindisi ko‘payishi va boshqa turli ekologik omillar yog‘ingarchilik ortidan katta toshqinlarni keltirib chiqardi. Natijada aholi manzillari, ekin maydonlari mislsiz zarar ko‘rdi.
Yilning eng dahshatli toshqini Liviyada kuzatildi
10 sentyabr kuni Liviya shimoli-sharqiga yetib kelgan kuchli “Daniel” sikloni O‘rta yer dengizi sohilidagi Bing‘ozi, Al-Bayda, Al-Marj, Sousa va Derna shaharlariga kuchli shamol, momaqaldiroq va yomg‘ir olib keldi. Tabiiy ofat 4 300 kishining hayotiga nuqta qo‘ydi. 40 ming kishi, jumladan, kamida 17 ming bola ichki qochqinga aylandi. Mamlakat sharqidagi seldan jabrlangan hududlarda infratuzilmaning 70 foizi shikastlandi. Ta’lim muassasalarining 95 foizi zarar ko‘rib, dars 10 kunga to‘xtatildi. Rasmiylar tabiiy ofat tufayli halok bo‘lganlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qildi.
To‘fondan eng ko‘p Derna shahri jabr ko‘rdi.
Liviyada 1973-1977 yillarda toshqinni nazorat qilish va qishloq xo‘jaligini sug‘orish maqsadida qurilgan 23 million kub metr sig‘imli Bumansur va 1,5 million kub metrlik Al-Bilod to‘g‘onlari yemirilib, Dernani suv bosdi. Jasadlar shahar vayronalari ostida parchalanishi, oqova va ichimlik suvi qorishib ketishi epidemik kasalliklar xavfini yuzaga chiqardi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) Liviyada suv toshqinidan jabrlangan shaharlarda 40 mingga yaqin odam uyini tashlab ketishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
Milliy birlik hukumati vakili Muhammad Hammuda yog‘ingarchilik miqdori so‘nggi 40 yil ichida eng ko‘p bo‘lganini aytdi. “World Weather Attribution” xalqaro tashabbusi tomonidan chop etilgan hisobotga ko‘ra, texnogen iqlim o‘zgarishi Liviyada suv toshqini ehtimolini 50 barobar oshirgan.
Kongo Demokratik Respublikasidagi toshqin yuzlab odamlar umriga zomin bo‘ldi
Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi Janubiy Kivu viloyatida may oyida kuchli yomg‘ir va toshqin 438 kishining hayotdan olib ketdi. Rasmiylar tabiiy ofat qurbonlari xotirasiga milliy motam e’lon qildi.
Shimoliy Kivu muzofotidagi konlardan birida 100 dan ziyod ishchi ko‘chki ostida qoldi.
Gretsiya ham kuchli yomg‘irdan zarar ko‘rdi
Gretsiyada 5 sentyabr kuni kuchli yomg‘ir oqibatida yuzaga kelgan toshqinda 17 kishi halok bo‘ldi.
Elektr uzilishi tufayli tabiiy ofat hududida aloqa yo‘qoldi va qutqaruvchilar odamlarni puflama qayiqda evakuatsiya qilishdi. Eng ko‘p zarar ko‘rgan shahar – Volosda yuz minglab gektar yerni suv bosdi. Dovul va bo‘ron minglab insonlarni boshpanasidan judo qildi.
Xitoy
Avgust oyida Xitoy shimolidagi Xebey muzofotida “Doksuri” to‘foni sabab suv qoplagan hududdan 1,2 million kishi ko‘chirildi.
Poytaxt Pekin va Tyanszin shahrini o‘rab turgan Xebeyda suv bilan kurashish uchun 8 ta havza va turli o‘lchamdagi 155 ta suv ombori barpo etilgan.
Sentyabr oyida mamlakat janubidagi Guandun provinsiyasida ham kuchli yomg‘ir va toshqin kuzatilgan edi. Viloyat hokimiyati suv toshgan payt fermadan qochgan 70 dan ortiq timsohni qidirish amaliyotini boshlagan.
Afrika – Malavi, Somali
Afrika janubi-sharqida sodir bo‘lgan “Freddi” to‘foni tufayli Malavida mingdan ko‘p odam halok bo‘ldi.
Iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan vayronagarchilik uy, ko‘prik, maktab va ish joylarini vayron qildi, yo‘l, elektr uzatish tizimini buzdi, qishloq xo‘jaligi ekinzorlarini payxon qildi. Mamlakatda yarim milliondan ziyod kishi uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Suv toshqini va ko‘chkiga sabab bo‘lgan dovul oqibatida 499 inson qurbon bo‘ldi, 1332 kishi jarohatlandi.
Aprel oyida Somali janubida suv toshqini 460 ming kishining turmushini izdan chiqardi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tabiat hodisasidan zarar ko‘rgan mintaqada vabo va bezgak tarqalishidan xavotirlanib, shoshilinch yordam so‘ralgan murojaatni e’lon qildi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) Shabel daryosi so‘nggi 30 yilda eng ko‘p toshgani, Beledveyn shahrining 79 foizi suv ostida qolganini ta’kidladi.
Musson yomg‘iri minglab odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi
Avgust oyida Myanmda musson yomg‘iri sabab bo‘lgan toshqin tufayli 60 mingga yaqin odam uyini tashlab chiqishga majbur bo‘ldi.
Kuchli suv oqimi mamlakatning bir necha mintaqasi, jumladan Koks-Bozor, Chattogram, Bandarbon va Rangamatida kamida 1,2 million aholiga zarar yetkazdi.
Janubiy Osiyo
Pokistonda iyun oyi oxirida boshlangan musson yomg‘iri bilan bog‘liq ofat, baxtsiz hodisalar 215 kishining yostig‘ini quritdi.
Panjob viloyatidagi toshqin tufayli 14 ming kishi evakuatsiya qilindi.
Hindistonning Assam shtatida iyun oyida yoqqan kuchli yomg‘ir hosil qilgan kuchli oqim 108 qishloqni g‘arq qildi. Natijada 115 mingdan ortiq aholi ko‘chirildi.
O‘zA muxbiri Go‘zal Sattorova tayyorladi.