FOTOREPORTAJ
Nukus Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 5 noyabrdagi “Davlat sport ta’lim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaroriga asosan qayta tashkil etilgan.
Hozirda markazda faoliyat ko‘rsatayotgan 19 ta olimpiya, 5 ta paralimpiya va 1 ta milliy sport turi bo‘yicha bo‘limlarda jami 500 ga yaqin sportchi mahorat oshirmoqda. 89 nafar malakali murabbiy o‘g‘il-qizlarga gandbol, basketbol, yengil atletika, velosport, qilichbozlik, kurash, dzyudo, boks, suzish, og‘ir atletika kabi sport turlaridan saboq bermoqda.
Markazga iqtidorli sportchilarni jalb qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlaridagi sport maktablarining tarbiyalanuvchilari bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazilib, saralash ishlari olib borilmoqda. 2023/2024 o‘quv yilining sentyabr-noyabr oylari davomida respublika miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilardan saralangan 124 nafar o‘quvchi markazga o‘qishga qabul qilingan.
Markazning ko‘plab o‘quvchilari qator nufuzli sport musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Jumladan, 2023 yil davomida ular jahon birinchiligi, Osiyo chempionati, xalqaro turnirlar, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston chempionati musobaqalarida jami 418 ta medalni qo‘lga kiritgan bo‘lib, shundan 131 tasi oltin, 117 tasi kumush va 170 tasi bronza medallarini tashkil etdi.
O‘zA fotomuxbiri Maqsad HABIBULLAEV olgan suratlar