Shu kunlarda Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Rossiya harbiy mahkamasi rahbarining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha yo‘nalishlarda, jumladan, harbiy sohada mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklikning mantiqiy davomidir. Zero, urush yillarida jasorat ko‘rsatgan ota-bobolarimizning yorqin xotirasi xalqlarimiz va mamlakatlarimizni bog‘lab turadi.
O‘zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov Rossiya mudofaa vaziri bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yilda Moskvaga qilgan tashrifidan so‘ng ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, yangi mazmun bilan boyiganini ta’kidladi. Bu munosabatlarga zamin ota-bobolarimiz yelkama-yelka turib, dunyoni fashizmdan qutqarayotgan paytlarda asos solingan. Shuningdek, Rossiya armiyasining tajribasi ham muhim ahamiyatga ega.
Rossiya mudofaa vaziri, armiya generaliSergey Shoygu, o‘z navbatida, samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik aniq mazmun va muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. “Bu, avvalo, O‘zbekiston chegaralari yonida mavjud bo‘lgan tahdid va xatarlar bilan bog‘liq, albatta. Suriyadan qo‘shni mamlakatlarga, mintaqalarga, shu jumladan, O‘zbekistonga xavf solayotgan xalqaro terrorizm tahdidi tobora kuchayib borayotganiniqayd etmay bo‘lmaydi.
Bugun biz Afg‘onistondagi vaziyat barqarorlashmoqda, xavfsizroq bo‘lmoqda, deb ayta olmaymiz. Shuni hisobga olish kerakki, Suriyadan ketayotgan guruhlar Afg‘onistonga ham o‘tmoqda. Albatta, bunday vaziyatda zarurat tug‘ilganda davlat manfaatlari himoyasiga turishga qodir harbiy mutaxassislarni tayyorlash alohida o‘rin tutadi”,deb ta’kidladi Rossiya mudofaa mahkamasi rahbari.
Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Rossiya bilan harbiy, harbiy-texnik hamkorlikni davom ettirdi.
2000-yildan buyon O‘zbekiston – Rossiya harbiy hamkorligi ikki davlat mudofaa vazirliklari tomonidan har yili tasdiqlanadigan harbiy hamkorlik rejalari asosida amalga oshirilmoqda. Ularni ro‘yobga chiqarish doirasida harbiy xizmatchilarning tezkor va jangovar tayyorgarligi darajasini, malakasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash, havo transporti harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy ta’minot bo‘yicha qo‘shma tadbirlar tashkil etilmoqda. O‘tgan davrda yuqorida tilga olingan rejalar doirasida ikki davlat hududida 290 dan ortiq qo‘shma tadbir uyushtirildi.
2005-yil 23-sentyabr kuni “Forish” tog‘-dala o‘quv poligonida O‘zbekiston – Rossiya aksilterrorchilik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi, ularda har tomondan 200 nafardan harbiy xizmatchi ishtirok etdi. 2006-yil 21-sentyabr kuni Krasnodar o‘lkasining poligonlaridan birida “Jangovar hamjamiyat – 2006” Rossiya – O‘zbekiston qo‘shma aksilterrorchilik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
2017-yilning 29-iyulidan 12-avgustiga qadar harbiy xizmatchilarimizning bir guruhi Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, Xitoy va Qozog‘iston hududida MDH mamlakatlari harbiy xizmatchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “ArMI-2017” xalqaro armiya o‘yinlarida ishtirok etdi.
Harbiylarimiz ushbu musobaqada ilk bor ishtirok etishiga qaramay, o‘zini munosib ko‘rsatdi: dunyoning 28 mamlakati vakillari o‘rtasida kechgan bellashuvlarda ular “Harbiy razvedka a’lochisi”, “Xavfsiz yo‘lak”, “Sodiq do‘st”, “Yo‘l patruli” tanlovlarida faxrli uchinchi o‘rinni egalladi.
O‘tgan yil oktyabr oyida Jizzax viloyatidagi “Forish” poligonida O‘zbekiston – Rossiya qo‘shma maxsus taktik o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Ularda Rossiya tomonidan Markaziy harbiy okrugning tog‘ o‘qchilari brigadasi harbiy xizmatchilari ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar davomida terrorchilar yo‘lini to‘sish va ularni yo‘q qilish ko‘nikmalari mustahkamlandi.
2017-yil 24-oktyabr kuni Toshkentda Mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha O‘zbekiston – Rossiya maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo‘lib o‘tdi. 2017-yil sentyabr oyida esa O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida harbiy attashe lavozimi ta’sis etildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro muloqotlar joriy yilda ham davom etdi. Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor B.Qurbonov boshchiligidagi mamlakatimiz harbiy delegatsiyasi Rossiya armiyasining Markaziy harbiy okrugida bo‘ldi, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini tashkil etish tajribasi bilan tanishdi. O‘zbekiston harbiy xizmatchilari MDH mamlakatlari o‘rtasidagi turli armiya musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, O‘zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya jamoalari ishtirokida Moskva shaxridagi SSKA sport majmuasida o‘tkazilgan “Qo‘mondonlar startlari”da yigitlarimiz ikkinchi o‘rinni egalladi. Harbiy sportchilarimiz jami 1 oltin, 14 kumush va 5 bronza medalini qo‘lga kiritdi. Sankt-Peterburgda o‘tgan informatika bo‘yicha xalqaro olimpiadada Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti kursantlari uchinchi o‘rinni egalladi.
Joriy yil 17-aprel kuni Toshkentda MDHga a’zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari Kengashi huzuridagi Harbiy hujumdan mudofaa masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi qo‘mitaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mamlakatlarimiz o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ham bo‘ldi.
Mudofaa vaziri Rossiya O‘zbekistondan yanada ko‘proq harbiy xizmatchilarni o‘qitish, shuningdek, xalqaro terrorizm tahdidi tarqalayotgani munosabati bilan harbiy mutaxassislar tayyorlash uchun mamlakatimizga o‘qituvchilar yo‘llashga tayyor ekanini ta’kidladi. “Biz nafaqat tajribamiz bilan bo‘lishish, balki mutaxassislar tayyorlashga tayyormiz. Aynan shu sababli bugun Rossiya o‘quv muassasalarida tahsil olayotgan harbiy mutaxassislar sonini bir necha barobar ko‘paytirishni rejalashtirmoqdamiz”, deya keltiradi Shoyguning so‘zlarini TASS axborot agentligi.
Rossiyalik mehmon qadimiy Samarqandga ham tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi, shaharning tarixiy yodgorliklari bilan tanishdi.
Rossiya mudofaa vazirining O‘zbekistonga tashrifi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga bo‘lajak davlat tashrifi oldidan amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga egadir. Zero, yuqorida ta’kidlanganidek, mamlakatlarimizni urush yillarida jasorat ko‘rsatgan ota-bobolarimiz yodi, shuningdek, barqarorlikni mustahkamlashga doir qarashlarning o‘xshashligi, xalqaro ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish muammosiga yondashuvlarning mushtarakligi bog‘lab turadi.