O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlarining telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar qildi.

Muloqot avvalida davlatimiz rahbari Vladimir Putinni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga kirishgani bilan yana bir bor samimiy tabrikladi va faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotgani, shuningdek, o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorlikda erishilgan yuqori natijalar chuqur mamnuniyat bilan alohida qayd etildi.

Muloqot davomida davlat rahbarlari Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik doirasidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya faoliyati doirasida avval erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika majmui, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika sanoati va boshqa yuqori texnologik tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni tayyorlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Hududlar darajasida faol muloqotlarni davom ettirish hamda joriy yil kuzida Toshkent shahrida O‘zbekiston va Rossiyaning birinchi hududlararo forumini o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.

Turizm va madaniyat sohalaridagi almashinuvlarni yanada kengaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida o‘zaro manfaatli dasturlarni amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosatning dolzarb masalalarini ham muhokama qildilar. Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot so‘nggida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlari turli formatlarda yaqin hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar.

 

O‘zA