– Genri Kissinjer bugun Konnektikutdagi uyida yuz yoshida hayotdan ko‘z yumdi, – deb yozdi “Reuters.
Siyosatchilar Genri Kissinjerning o‘limi tufayli Qo‘shma Shtatlar taniqli diplomatdan ayrilganini ta’kidlashyapti. Zero, 1969-1977 yillar oralig‘ida Kissinjer Amerika tashqi siyosatida juda faol ishtirok etgan. Jumladan, sobiq SSSR bilan munosabatni yumshatish, Amerika – Xitoy hamkorligidagi ochiqlikni aynan shu shaxs sa’y-harakati bilan bog‘lashadi.
Kissinjer 1923 yil Germaniyada o‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan. 1938 yil oila Amerikaga ko‘chib o‘tadi, 1943 yil Genri AQSH fuqaroligini oladi.
Uzoq davom etgan faoliyati davomida ko‘plab lavozimlarda mehnat qilgan Kissinjer AQSHning 56-chi davlat kotibi, Prezidentlar Richard Nikson, keyinchalik Jerald Fordning yordamchisi bo‘lgan. Uni Amerikaning “Moslashuvchan javob” doktrinasi mualliflaridan biri sifatida e’tirof qilishadi. U G‘arb va Sharq munosabatini yumshatish tarafdori sifatida yadro quroli ustidan nazorat o‘rnatishni qo‘llab-quvvatlagan. 1971 yil G‘arbiy Berlin bo‘yicha to‘rt tomonlama kelishuvga erishilishida muhim rol o‘ynagan, Vetnam urushini to‘xtatish va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Parij bitimi imzolanishidagi xizmati uchun Kissinjer 1973 yil Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. 1973 yil u Arab-Isroil urushini to‘xtatishga hal qiluvchi hissa qo‘shgan.
1980-yillar boshida Kissinjer rasman siyosat maydonidan uzoqlashsa-da, ekspert, ko‘plab kitoblar muallifi sifatida siyosiy jarayonda faol ishtirok etib keldi. Qaysi partiyadan bo‘lishiga qaramasdan, u AQSH Prezidentlariga muntazam ravishda maslahat berib kelgan, dunyo yetakchilari bilan tez-tez uchrashib turgan.