Farmon va sharh

O‘rta biznes iqtisodiyotimizning innovatsiyalarga asoslangan, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaradigan muhim bo‘g‘ini sifatida baholanadi.

Xo‘sh, hozirgi kunda mamlakatimizda o‘rta biznes rivoji uchun barcha sharoit bor, deb bo‘ladimi? Ochiq aytganda, shu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash instrumentlari yetarlicha yaratilmasdan qolayotgandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning 18 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotda shu masalaga ham alohida to‘xtalgan edi.

O‘shanda davlat rahbari kichik biznesdan o‘rta biznesga o‘tish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangicha yondashuvlar yo‘lga qo‘yilishini alohida ta’kidlagandi. Xususan, bu borada biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud jamg‘armalarning faoliyati ham, ishlash usuli ham tubdan o‘zgarishi qayd etilgan.

Aytilgan gap, yaxshi tashabbusning ijrosi ko‘p kuttirmadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay – 10 noyabrda Prezident “Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Xo‘sh, hujjat mamlakatimizdagi tadbirkorlik muhitining yanada yaxshilanishiga qanday ta’sir qiladi?

Moliya bozorida resurslarning yuqori foiz stavkalari saqlanib qolayotgan sharoitda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirishning yangicha va muqobil instrumentlarini yaratish, xususan, tadbirkorlik loyihalariga ulush kiritish va xizmatlar ipotekasini joriy etish, kafillik yordamini taqdim etishni kengaytirishga ehtiyoj ortmoqda.

Farmon ana shu jihatlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu hujjat bilan biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimida asosiy bo‘g‘inlardan biri bo‘lgan Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi qayta tashkil qilinmoqda.

– Faoliyatimizni jahon tajribasi asosida tashkil etish va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘maklashish bo‘yicha kompleks tizimni yaratish maqsadida «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati tashkil qilinmoqda, – deydi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi bo‘lim boshlig‘i Burxon Normirzayev. – Jamg‘arma bugungi kunga qadar faqat kichik tadbirkorlik sub’ektlarini kafillik va kompensatsiya shaklida moliyaviy yordam bilan qo‘llab-quvvatlab kelgan. Farmon bilan o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari ham bu imkoniyatdan foydalanadigan bo‘ldi. Endi yangi xizmat turlari joriy etilib, mavjudlari yanada kengaytiriladi. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, bu xizmatlar ipotekasi, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishda ulushdor bo‘lib kirish, banklarga resurs ajratish, portfel kafilliklar taqdim etish kabi bir qator yangi xizmat turlarini joriy etish imkoni degani.

«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» aksiyadorlik jamiyati kelgusi yilning 1 martidan boshlab tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini taqdim etadi.

Xususan, o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarining xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish loyihalariga loyiha qiymatining 15 foizi, biroq ustav kapitalining 20 foizi yoki 3 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda tashabbuskorning ustav kapitaliga ko‘chmas mulk ob’ektlari, asbob-uskunalar va boshqa ko‘rinishdagi aktivlar shaklida ulush kiritish shular jumlasidan. Shuningdek, ko‘chmas mulk va asbob-uskunalarning 70 foizi, biroq 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda mulk sotib olish va yetti yilgacha muddatga qarzdorlik qoldig‘iga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada yillik foiz hisoblash yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan xizmatlar ipotekasi asosida tashabbuskorga berish imkoniyati yaratiladi.

Bu kabi chora-tadbirlar Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasining ishbilarmonlar bilan hamkor sifatida ishlashini anglatadi. Bu qo‘llov o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarining tezroq oyoqqa turishida muhim sanaladi.

Kompaniya, shuningdek, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlarining loyihalariga kredit (lizing) ajratish uchun tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlariga milliy va xorijiy valyutada moliyaviy resurslarni joylashtirishga ko‘maklashadi. Yana bir muhim jihati, tijorat banklari, mikromoliya va lizing tashkilotlari tomonidan milliy va xorijiy valyutada ajratiladigan kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarga umumiy qiymati 5 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik taqdim etishda amaliy yordam beradi.

Hujjatda tadbirkorlik sub’ektlari, tegishli soha mutaxassislari teran anglaydigan jihatlar talay. Bu imkoniyatlar yangi-yangi marralarga asos bo‘lishi shubhasiz.

Ko‘rilayotgan choralar, har bir islohot besamar ketmaydi. Buni mamlakatimizda yildan-yilga yaxshilanib borayotgan biznes muhitida ham ko‘rishimiz mumkin.

Yakunda sohaga doir ba’zi ma’lumotlarni keltiramiz. O‘tgan bir yilda mamlakatimizda kichik tadbirkorlar soni 40 mingdan ortiqqa ko‘paygan. O‘rta tadbirkorlar soni esa 10 mingga yetdi. Bu raqamlar ortida qanchadan-qancha odamlarning o‘z ish o‘rinlariga ega bo‘layotgani, aholi turmush tarzi yaxshilanayotgani yotibdi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri