So’nggi paytlarda bolalarga nisbatan o’z ota-onalari yoki boshqa vasiylari tomonidan zo’ravonlik holatlari ko’payib borayotgani to’g’risida OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali kelayotgan ko’plab xabarlardan, Bolalar ombudsmani kotibiyatiga kelib tushayotgan murojaatlardan bilishimiz mumkin.
Bularga misol qilib yaqindagina ijtimoiy tarmoqlarda gul do’koniga kirib gul so’ragan vaqtida onasi mast holatda qizini haqoratlab,urgani bo’yicha tarqalgan videoxabarlarni,bir ayolning 3 nafar kichik yoshdagi bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo’lib,ularni yoqib yuborish bilan bevosita tahdid qilishi aks etgan videolarni ko’rsatishimiz mumkin.
Murg’ak bolalarga bunday shafqatsiz va ayovsiz muomalani ko’rib har qanday insonning yuragi larzaga keladi.Har bir bola o’z uyini eng xavfsiz va sevimli maskan,ota-onasini esa hayotning turli sinovlaridan uni himoya qiluvchi posbonlari deb anglaydi. ,,Kechagina onasining zo’ravonligidan aziyat chekkan qizchamizni Toshkent shahar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy himoya ko’rsatish markazida boshqa bolalar davrasida ko’rib,hozirda uning emotsional holati,kayfiyati yaxshi ekanligiga ishonch hosil qildik.Bundan buyon qizchaning bolaligi xavfsiz va sog’lom muhitda kechishi uchun zarur bo’lgan barcha sa’y-harakatlar qilinmoqda.” deb yozadi Bolalar ombudsmani telegram-rasmiy kanalida.
To’g’ri aynan mana shu qizchaning holatiga tushgan va boshqa turli xil yo’llar bilan ruhiy va jismoniy zo’ravonlik ko’rgan boshqa bolalarni davlat o’z qaramog’iga olishi, ijtimoiy-huquqiy himoya qilishi mumkin. Lekin, hech bir farzand uchun ota-ona mehridan ustunroq yordam va himoya bo’lmasa kerak. Zo’ravonlikni tashqarida,begonalardan emas,balki, eng yaqinlaridan-ularga mehr-muhabbat ko’rsatishi kerak bo’lgan insonlardan ko’rayotgan bolalarning ko’nglida nimalar kechayotganini endi tasavvur qilib ko’ring! Albatta, inson hayotida turli murakkab vaziyatlarga duch kelishi mumkin.
Ammo, bu qiyinchiliklar alamini o’z farzandlaridan-o’zini himoya qila olmaydigan ojiz boladan olish kerak degani emas. Farzand – ota-onaning ,,shaxsiy mulki’’ degan fikr bilan yashashni bas qilaylik. Ota-onalar bolaga egalik qiladigan emas,unga g’amxo’rlik va mehr ko’rsatishi,uning jismonan va aqlan kamol topishi uchun barcha zarur shart-sharoitni yaratish majburiyati yuklangan insonlardir. Bola tug’ilganidanoq har qanday inson singari barcha shaxsiy huquq va erkinliklarga egadir. Har bir bolaning huquq va manfaatlari qonun himoyasida.Mana shu qoida insonlarimiz tafakkuriga singishi kerak.
Diana Bozorboyeva
Qoraqalpoq davlat universiteti
jurnalistika mutaxassisligi 3-bosqich talabasi.
Qoraqalpog’iston axborot agentligi