Misr muftiysi Shayx Shavqiy Allom ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurib, Buxoroda Mir Arab madrasasining 500 yilligiga bag‘ishlangan “Boqiy Buxoroning islom sivilizatsiyasidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etdi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Xalqaro musulmon ulamolari ittifoqi va Abu-Dabi tinchlik forumining obro‘li vakillari, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston muftiylari, mashhur olimlar, islom tadqiqotchilari va diniy soha vakillari, Mir Arab madrasasi bitiruvchilari ishtirok etgan anjumanni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Shayx Nuriddin Xoliqnazarov ochib berdi.

Ta’kidlanganidek, tadbirda xorijiy mehmonlar, jumladan, Shayx Shavqiy Allom O‘zbekiston, xususan, Buxoronig buyuk olimlari qoldirgan boy ma’naviy meros haqida, mamlakatimizning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan va qo‘shayotgan hissasi xususida so‘z yuritdi.

Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi boshlig‘i muftiy Shayx Ravil G‘aynutdin Mir Arab madrasasi bitiruvchilari Rossiyada buxorolik muftiylar deb atalishi, ular islom ilmi markazlaridan biri tarbiyalanuvchisi sifatida o‘zgacha hurmat-e’tiborga sazovor ekanini ta’kidladi.

Aziza Xalimova, O‘zA