Huquqiy munosabat

Davlatimiz rahbarining joriy yil 24 maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda taqdim etilishi orqali joriy yil 1 dekabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan talab qilish bekor qilinadigan ma’lumotlar ro‘yxati keltirib o‘tilgan. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.

Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi. Jumladan, “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023-2024 yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati shakllantirildi. 2023 yil yakunigacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida portalda birinchi navbatda joriy etiladigan 95 ta xizmat va servislar ro‘yxati tuzildi. Raqamli texnologiyalar bo‘yicha loyihalar samaradorligi, raqamli xizmat va servislarning sifati va barqarorligi ustidan raqamli nazorat o‘rnatiladi.

2023 yil 1 dekabrdan aholi va tadbirkorlardan talab qilish bekor qilinadigan 47 turdagi ma’lumotlar ro‘yxati hamda aholi va tadbirkorlarga xizmatlardan foydalanish holati bo‘yicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar ro‘yxati tuzildi.

Shuningdek, misol sifatida quyidagilarni keltirib o‘tishimiz mumkin. Xususan, foydalanuvchiga ilgari taqdim etilgan JSH SHIR (agar mavjud bo‘lsa) haqida ma’lumot. Oila tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, fuqaro mol-mulkiga (avtotransport vositasi, ko‘chmas mulk va boshqalar) qo‘yilgan taqiqlar, talabaning shartnoma puli to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami orqali fuqaroning nomida tadbirkorlik sub’ekti mavjudligi hamda tadbirkorlik sub’ekti ta’sischilari orasida mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar so‘ralmaydi.

O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalarining o‘qish joyidan ma’lumotnoma, nogironligi bo‘lgan yoshlarga o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish to‘g‘risidagi tavsiya, bola ta’lim olayotgan boshlang‘ich va o‘rta ta’lim (maktabgacha, maktab va boshqa) tashkiloti va muassasasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, jismoniy shaxsning identifikatsiya raqami orqali ro‘yxatga olingan telefon raqamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda nikoh va nikohdan ajralish ma’lumotlarini real vaqt rejimida taqdim etish ham talab etilmaydi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA