Medialingvistika – media sohasidagi zamonaviy bosma, audiovizual va internet tilini o‘rganuvchi fan sifatida bugungi globallashuv sharoitida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni jarayon, tabiiyki, ushbu yo‘nalishning chuqur ilmiy tadqiqotini taqozo qilmoqda.

Masalaning dolzarbligi, tegishli muammolar yechimiga oid ilmiy nazariya, qarash, xulosa va takliflar O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Madaniyatlararo kommunikatsiyaning lingvistik ta’minoti kafedrasi tomonidan tashkil etilgan “Medialingvistika, lingvodidaktika va madaniyatlararo kommunikatsiya: nazariya va amaliyot” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy anjumanida ilgari surildi.

– Bugungi anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan oliy ta’lim muassasalarida ommaviy axborot vositalari tili, uslubi bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borgan va borayotgan professor-o‘qituvchilar, iqtidorli talabalar ishtirok etishdi, – deydi kafedra mudiri, professor Dilfuza Teshabayeva. – Anjumanda lingvomadaniy omillar, xorijiy til ta’limida innovatsion texnologiyalardan foydalanish, media tarjimasida milliy-madaniy o‘ziga xoslik kabi muhim ahamiyatga ega  masalalar tahlil qilindi.

Anjumanda faol ishtirok etgan ma’ruzachilar va ko‘ngillilarning bir guruhi maxsus sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Mahfuza Ortiqova, O‘zA