Bojxona qo‘mitasi tomonidan tovar va transport vositalari harakati yuqori bo‘lgan yirik chegara bojxona postlarida meva-sabzavot mahsulotlari eksportini tezkorlik bilan amalga oshirish uchun maxsus belgilar bilan jihozlangan alohida yo‘laklar tashkil etiladi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bunda tez buziluvchan meva-sabzavot mahsulotlari (piyoz, karam, gilos, o‘rik va boshqalar) ortilgan transport vositalarini ushbu yo‘laklarga yo‘naltirishda ustuvorlik ta’minlanadi.

Eksportga yo‘naltirilayotgan tez buziluvchan meva-sabzavot mahsulotlari ortilgan transport vositalariga xalqaro standartlarga mos bo‘lgan farqlash belgisini (avtotransport vositasining old oyna o‘ng tomoniga) o‘rnatish tavsiya qilinadi.

Bu chegara bojxona postlarida ushbu transport vositalarini alohida yo‘lakka yo‘naltirishda muhim rol o‘ynaydi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA