O‘zbekiston–Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan munosabatlar yuksak darajaga ko‘tarilgan bo‘lib, hududlararo hamkorlik mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida Rossiya Federatsiyasi kapitali ishtirokida 171 ta korxona samarali faoliyat ko‘rsatayotgani buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishi investitsiyalar ko‘lamining kengayishiga, yangi korxonalarning ishga tushishiga xizmat qilyapti.

– O‘tgan yilda 25 ta qo‘shma loyiha doirasida qiymati 340 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirildi, – deydi viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasining shu’ba mudiri Vahobjon Hoshimov. – O‘z navbatida ushbu ko‘rsatkichlar amalga oshirilayotgan 20 ta loyiha hisobiga joriy yilning o‘tgan davrida 38 million dollarni tashkil etdi. Rossiya Federatsiyasi bilan oliy darajadagi tashriflar va yirik xalqaro tadbirlar doirasida Farg‘ona viloyati hamkorligida qiymati 152 million dollarlik 23 ta loyiha paketi imzolangan. Xususan, Quvasoy shahrida “Fruktovыye sadы Ferganы” qo‘shma korxonasi tomonidan qiymati 2,5 million dollarlik 50 gektar maydonda intensiv bog‘ barpo etish loyihasi ish boshladi. Bag‘dod tumanida “Farg‘ona spining” qo‘shma korxonasi tomonidan qiymati 5,5 million dollarlik loyiha bajarilmoqda.

Ayni kunlarda rossiyalik tadbirkor Magomed Kostoyev bilan hamkorlikda Rishton tumanida “Kosto Line Holding” xorijiy korxonasida qiymati 20 million dollarlik matolar va sochiqlar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha doirasida 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va yillik 7 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyihaning birinchi bosqichi o‘tgan yilda ishga tushgan bo‘lib, hozirgi kunda ikkinchi bosqich bo‘yicha 5 million dollarlik uskunalar olib kelingan va o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Oltiariq tumanida “AGRO MAKS DOLINA” xorijiy korxonasi tomonidan savdo majmuasi va mehmonxona qurish loyihasi hisobidan 8 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirildi.

Rossiyalik ishbilarmonlar hamkorligida 2024-2025 yillarda qiymati 132 million dollarlik 19 ta yangi istiqbolli investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar doirasida joriy yilda 27 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, xizmatlar ko‘rsatiladi hamda 1,6 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Farg‘ona viloyati hamda Rossiya Federatsiyasi hududlari o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 2023 yilda ikki hudud tashqi savdo aylanmasi 517 million dollarni tashkil etdi. Farg‘onalik tadbirkorlar tomonidan Rossiyaga 319 million dollarlik mahsulotlar eksporti amalga oshirilgan. Joriy yilning birinchi choragida tashqi savdo aylanmasi 79 million dollarni tashkil etdi.

 

M.Sulaymonov,  

O‘zA muxbiri