Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovi respublika bosqichining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi, akademik Oqil Salimov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev ishtirok etdi.

– O‘tgan yilgi tanlovda 20 ming nafar yosh ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, bu yil qariyb 48 ming yosh yigit-qiz tanlovda ishtirok etish istagini bildirdi, – deydi Qo‘ng‘irotboy Sharipov. – Bu innovatsion, intellektual tanlov yoshlar o‘rtasida yildan-yilga ommalashib, mavqei yanada ortib borayotganidan darak.

Tadbir davomida Toshkentdagi Turin politexnika universiteti rektori Olimjon To‘ychiyev so‘zga chiqib, tanlovning respublika bosqichiga yetib kelgan 280 nafar iqtidorli yosh Turin politexnika universitetiga imtihonsiz, tanlov g‘oliblari esa 2-kursdan o‘qishga qabul qilinishini tantanali e’lon qildi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, tanlovda ishtirok etish maqsadida 47 ming 514 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tdi. Ularning 9 ming 837 nafari IQ test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, tanlovning birinchi bosqichida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Tanlovning 1-bosqichi respublikadagi 206 ta tuman (shahar) kesimida tashkil qilinib, unda jami 9 ming 796 nafar, 2-bosqichi 14 ta hududda tashkil qilinib, unda jami 1003 nafar iqtidorli yosh o‘z loyihalarini komissiya a’zolariga taqdimot qildi.

Tanlovning ikkinchi bosqichi 16-19 yosh va 20-25 yosh toifalariga ajralgan holda o‘tkazildi hamda har bir yosh toifasi uchun g‘oliblarning umumiy sonidan kvota ajratildi. Kvotalar har bir yosh toifasidagi ishtirokchilarning umumiy nisbatidan kelib chiqib belgilandi. Tanlovning ikkinchi bosqichi yakunlariga ko‘ra, 280 nafar iqtidorli yoshlar respublika bosqichi ishtirokchisiga aylandi.

Tanlovning respublika bosqichi 4 kun davom etadi. Unda ishtirokchilar 12 ta guruhga bo‘lingan holda musobaqa shartlarini bajaradi. 1, 2 va 3-bosqichlar g‘oliblari tegishlicha bazaviy hisoblash miqdorining 5, 10 va 20 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti va diplom bilan taqdirlanadi.

Respublika bosqichi g‘oliblari “Ulug‘bek” jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o‘quv kurslarida bepul tahsil oladi. O‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan yoshlar hududlar bo‘yicha ishlab chiqarish tashkilotlari va tadbirkorlik sub’ektlariga ixtiyoriylik asosida biriktiriladi hamda “Yoshlar akademiyasi” loyihalariga jalb etiladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA