Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ga a’zo davlatlar Oliy sudlari raislarining o‘n to‘qqizinchi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.

O‘zbekiston Respublikasi raisligida o‘tayotgan nufuzli anjumanda Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston davlatlari Oliy sudlari delegatsiyalari ishtirok etmoqda.

Yig‘ilishda, shuningdek, SHHT huzuridagi kuzatuvchi mamlakat – Belarus Respublikasi Oliy sudi, SHHT Kotibiyati va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi vakillari qatnashmoqda.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov mamlakatimiz sud tizimi hokimiyatning mustaqil tarmog‘i sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini mustahkamlaganini qayd etdi. Bu O‘zbekistonda sud-huquq islohotlariga alohida e’tibor qaratilayotgani, sohani inson huquqlari himoyachisiga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar natijasidir.

Tadbir davomida SHHTga a’zo davlatlar Oliy sudlarining qonun ustuvorligi, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasida hamkorligini yanada faollashtirishga qaratilgan qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA