Iqlim o‘zgarishi, o‘simlik va hayvonot dunyosining yo‘qolib borishi, yerlarning tanazzulga uchrashi va suv resurslarining kamayishi kabi global ekologik masalalar ko‘plab mamlakatlar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Bu muammolar Yevroosiyo hududining 60 foizini egallagan va 3,2 milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hududiga ham xosdir.

Ostona shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining atrof-muhit masalalari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan beshinchi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda delegatsiyalar rahbarlari SHHTga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligi hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi hamda 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish muhim ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, SHHTning 2024 yilni Ekologiya yili deb e’lon qilish bo‘yicha Harakatlar dasturini amalga oshirishga oid masala ham muhokama qilindi. Tomonlar SHHT Kotibiyatiga joriy yil 3-4 iyul kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining chiqindilarni samarali boshqarish to‘g‘risidagi bayonoti, shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolashni taklif qildi.

Tadbir doirasida delegatsiyalar rahbarlari o‘rtasida 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan SHHTning “Yashil belbog‘” dasturini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi hamda SHHTga a’zo davlatlarning ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlari va 2025-2027 yillarda SHHTga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish rejasi tasdiqlandi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA