Yevropa ligasining so‘nggi hal qiluvchi final bahsida «Atalanta» va «Bayer» klublari o‘zaro raqobatlashdi. Ushbu uchrashuvda «Atalanta» klubi a’zosi Ademola Lukman «Bayer» darvozasiga javobsiz uchta to‘p kiritdi va jamoasini chempionlik shohsupasiga olib chiqdi.
Shu tariqa Yevropa ligasi chempioniga aylangan «Atalanta» muxlislari 63 yil kutgan yevro sovrinni qo‘lga kiritdi. Mazkur uchrashuvga oid yana bir qiziqarli fakt haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, Ademola Lukman turnir Yevropa ligasi deb nomlanganidan beri finalda birinchi xet-trik qayd etgan futbolchi sifatida tarixdan joy oldi. Avvalgi UEFA kubogi finallarida oxirgi marta uch golni 1975 yilda Yupp Xaynkes kiritgan edi.
Shuningdek, «Atalanta»ning mazkur g‘alabasi «Bayer» jamoasining 51 o‘yindan iborat mag‘lubiyatsiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. «Bayer» bunga qadar oxirgi marta o‘tgan yili may oyida mag‘lubiyat alamini totgan edi. Klub bir yil mobaynida 42 ta g‘alaba va 9 ta durang qayd etdi.
***
Rossiyaning «Sport Ekpress» nashri 30 yildan ortiq vaqt mobaynida futbol bo‘yicha mamlakat chempionatining har bir turida futbolchilar harakatini baholab, ramziy terma jamoa tuzib chiqishi haqida xabaringiz bor.
Rossiya chempionatining 29-tur yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingda «SSKA» safida to‘p tepayotgan hamyurtimiz Abbosbek Fayzullayev ramziy terma jamoadan o‘rin oldi va umumiy reytingda bir pog‘ona ko‘tarildi.
Abbosbek Fayzullayev mazkur turda ramziy terma jamoaga eng ko‘p – yetti marotaba kiritilgan futbolchiga aylandi. «SSKA» ushbu turda «Nijniy Novgorod» maydonidan 6:2 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgan edi. 20 yoshli legionerimizning bu bahsdagi harakatlari ekspertlar tomonidan 7,5 ballga loyiq ko‘rildi. Shuningdek, futbolchimiz umumiy reytingda 7-o‘ringa chiqib oldi.
***
Italiya A Seriyasidagi joyini saqlab qolgan «Kalyari»da katta o‘zgarishlar kutilmoqda. Birinchi navbatda, sardiniyaliklar murabbiylik faoliyatini yakunlagan Klaudio Raneriga o‘rinbosar izlamoqda. Hozircha, jamoaga «Torino» bilan hamkorligini yakunlayotgan Ivan Yurichni olib kelishni istashmoqda.
Bundan tashqari, «Kalyari» sport direktori Nereo Bonato o‘tgan mavsumning 30 iyun kuni ijaraga olingan uch futbolchi – Janluka Gaetano, Andrea Petanya va Eldor Shomurodov bo‘yicha bir qarorga keldi. Biz uchun ahamiyatlisi Nereo Bonato Eldor Shomurodovni jamoada olib qolishga qarshi emasligi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili yozda sardiniyaliklar poytaxt klubi bilan Eldorni 9 million yevroga to‘liq transfer qilish bo‘yicha kelishib olgandi. Endi Nereo Bonato bu summani pasaytirish uchun rimliklar bilan yana muzokara o‘tkazishga tayyorlanmoqda.
Ta’kidlash joizki, «Kalyari» bosh murabbiyligiga asosiy da’vogar bo‘lib turgan Ivan Yurich ham Eldor Shomurodovning imkoniyatlarini yuqori baholagan. Xorvatiyalik mutaxassis o‘tgan mavsumlarda bir necha bor o‘zbek hujumchisini «Torino»ga olib kelishga harakat qilgan edi.
Demak, yozgi transferlar vaqtida Eldor Shomurodov kelasi mavsumni qaysi jamoada boshlashini hal qilishi kerak bo‘ladi.
***
«Barselona» klubi bosh murabbiyi Xavi jamoani tark etishi kundan-kunga oydinlashmoqda. Sababi jamoa prezidenti Joan Laporta jamoa bosh murabbiyini o‘zgartirish fikridan hamon qaytmadi.
«Barselona» mutasaddilari jamoaga «Bavariya» va Germaniya terma jamoasi sobiq bosh murabbiyi Xans-Diter Flikni olib kelishga tayyorlanmoqda. Joan Laporta ham o‘ziga taqdim etilgan nomzodlar orasida tajribali Flikni tanlagan. Germaniyalik mutaxassis esa Kataloniya varianti chiqqanidan keyin «Chelsi» taklifini rad etgani haqida xabarlar urchidi.
«Barselona» mutasaddilari tez orada Xavi Ernandes bilan uchrashuv o‘tkazib, uning faoliyatini tahlil qilib beradi.
***
«Al Hilol» klubi yulduzi Neymar tizzasining xochsimon bog‘lamidagi jarohati sabab safdan chiqqandi va keyingi mavsum boshiga qadar tiklanmaydigan bo‘ldi. Bu haqda Saudiya Arabistoni klubi bosh murabbiyi Jorje Jezush ma’lumot berdi.
Taxminlarimizga ko‘ra, sentyabr yoki oktyabr oylarida Neymar maydonga qaytishi mumkin.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA