Shu kunlarda Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiyaning Rossiya Federatsiyasiga xizmat safari davom etmoqda.

Viloyat hokimligi Axborot xizmatining xabar qilishicha, viloyat rahbari Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko bilan uchrashuvida tomonlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish bo‘yicha maqsadli bitimlar imzolandi.

Navoiyliklar Omsk innovatsion texnologiyalar zavodi – “Lavart” kompaniyasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Kompaniya 2012 yilda tashkil etilgan bo‘lib, o‘zining Lavart brendi ostida dunyoda analogi mavjud bo‘lmagan innovatsion yuqori samarador qozon tizimlari ishlab chiqaradi hamda ilmiy tadqiqotlar olib boradi.

Kompaniya 19000 m2 robotlashtirilgan ishlab chiqarish maydonlariga ega bo‘lib, Rossiyaning 40 dan ortiq hududida 1000 dan ziyod loyihani amalga oshirgan.

Navoiy viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Omsk eksperimental zavodiga ham bordi. Bu yerda delegatsiya a’zolari Omsk viloyati qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati vaziri Nikolay Drofa va Omsk eksperimental zavodi direktori Kirill Yankovskiy bilan uchrashdi.

Mazkur zavodga 1960 yillarda asos solingan bo‘lib, bugungi kunda qishloq xo‘jaligi mashinalari va uskunalari ishlab chiqariladi.

Shuningdek, viloyatimiz delegatsiyasi “Omsk agrar ilmiy markazi” federal davlat byudjet muassasasiga ham tashrif buyurib, bu yerda bug‘doy, soya va boshqa qishloq xo‘jaligi o‘simliklarining yangi navlarini yaratish texnologiyalari bilan tanishdi. Ilmiy markaz direktori Maksim Chekusov bilan muzokaralar olib borilib, ilmiy markaz mutaxassislarining Navoiy viloyatiga tashrifi tashkillashtirilishi to‘g‘risida kelishib olindi.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Rossiya safari doirasida Omskdagi o‘zbekistonlik migrantlar bilan uchrashdi.

Viloyat hokimi vatandoshlarimizning yashash sharoitlari bilan tanishib, muammo va takliflarini tingladi. Vatanga qaytishni istaganlarga yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha takliflar berdi.

Shuningdek, u yerda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy, moddiy va madaniy qo‘llab-quvvatlash hamda barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha Omsk gubernatori bilan alohida muzokaralar olib borildi.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiyaning Rossiya Federatsiyasidagi xizmat safari davom etmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri