Poytaxtimizda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida ilk bora “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar ishlari agentligi, Quvnoqlar va zukkolar assotsiatsiyasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rik-tanlovda respublikamizning 10 mingdan ortiq maktablaridan jami 183 ming 324 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlov 4 bosqichda tashkil etildi. Unda ishtirokchilar maktab, tuman, hududiy bosqichlarda festival tarzda tashkil etilgan tanlovlardan o‘tib, finalga qadar yetib keldi. 4 ta jamoa, 170 nafar o‘quvchi “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Bu o‘quvchilarning nafaqat finalda qatnashishlari, balki, ularning madaniy hordiq chiqarishlariga ham katta e’tibor qaratildi.
Xususan, ular uchun Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylariga sayohat tashkil etildi.
Sayohat davomida o‘quvchi-yoshlar Yangi O‘zbekiston hamda G‘alaba bog‘lariga tashrif buyurib, Vatanimiz tarixi va bugungi kuniga doir obidalarni tomosha qildi.
Ko‘rik-tanlovning respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalarga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Jumladan, agentlik tomonidan uchinchi o‘rinni egallagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasi 20 million so‘m, 2-o‘rinni egallagan Jizzax viloyati jamoasi 30 million so‘m va musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritgan Navoiy viloyati jamoasi 50 million so‘m hamda “Quvnoqlar va zukkolar kubogi” bilan taqdirlandi.
Shuningdek, ko‘rik-tanlov ishtirokchilari “Mavsum kashfiyoti”, “Eng quvnoq qiz”, “Eng quvnoq yigit” nominatsiyalari bo‘yicha taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, Davron Ernazarov(surat), O‘zA