O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar hamda vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkorlardir. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda.

Senat yalpi majlisida ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shartnoma tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik, migratsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish, parlamentlar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.

Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki xalqning ma’naviy-madaniy yaqinligini qo‘llab-quvvatlashga, madaniyat, ilm-fan, ta’lim va sport sohasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shartnoma ilovasida davlat rahbarlari boshchilik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy davlatlararo kengashi to‘g‘risidagi nizom keltirilgan.

N.Abduraimova, O‘zA