Mamlakatimizda oliy ta’lim, fan va innovatsiya sohalarga rivojlangan davlatlarning andozalarini joriy qilish, oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashda xalqaro tajribalarni qo‘llash, mahalliy oliy o‘quv yurtlarini bilim sifati jihatidan xalqaro reytinglarga munosib darajaga ko‘tarish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan ko‘pgina islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, ushbu maqsadlarga erishishda tariximiz ildizi bir, dinimiz bir turkiy davlatlar bilan aloqani yo‘lga qo‘yish, ularning oliy ta’lim, ilmiy va innovatsion rivojlanish borasidagi tajribalari qo‘l kelmoqda. Tatariston va Boshqirdiston Respublikalari Rossiya Federatsiyasi sanoat va ishlab chiqarish, zamonaviy texnologiyalarni yaratish bo‘yicha ancha rivojlangan hududlardan hisoblanadi. Tatariston Respublikasi O‘zbekiston uchun muhim sohalar bo‘yicha ishonchli hamkor bo‘lishi bilan bir qatorda, tatar xalqi o‘zining kelib chiqish tarixi, tili, dini, madaniyati va san’ati jihatdan ham o‘zbek va qoraqalpoq xalqlariga juda yaqin.
Bu to‘g‘risida Tatariston Respublikasining Raisi Rustam Minnixanov o‘zining 2023 yil 6-7 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifidan keyin “Bir tilda gaplashganda ish olib borish osonroq!” degan edi. Haqiqatan ham, Tatariston rahbarining Qoraqalpog‘iston zaminiga tashrifi qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlay oldi. Ushbu tashrifning natijasi sifatida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev tomonidan “Tatariston Respublikasi Raisi R.Minnixanovning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifining yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasi” tasdiqlanib, madaniyat va san’at, sport, axborot (IT), oliy ta’lim, ilm, turizm, iqtisodiyot, mehnat aloqalari singari bir nechta sohalar bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar belgilab olindi.
Ushbu Rejaga asos 2024 yilning 30-aprel 4 may kunlari oralig‘ida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining Yoshlar siyosati, iqtisodiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Bayram Utemuratov boshchiligida tegishli vazirliklar va oliy ta’lim muassasalari rahbarlaridan iborat Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasi Qozon shahrida xizmat safarida bo‘ldi. Tashrif qardosh tatar xalqi bilan madaniy va ma’naviy suhbatdan boshlandi. Qozon davlat madaniyat institutining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha prorektori Tatyana Leonteva boshchiligida Qozon shahri yaqinidagi “Ulug‘ Bolgar” tarixiy shahriga tashrif tashkil etildi.
Bu shahar taxminan eramizning X asrida vujudga kelgan bo‘lib, 2014 yilda YUNESKOning jahon meroslari ro‘yxatiga kiritilgan. Tarixda Buyuk Ipak yo‘lining muhim savdo markazi bo‘lgan “Ulug‘ Bolgar” shahri 25 dan ortiq madaniy, tarixiy yodgorliklari, muzeylari va masjidlari har yili 4 millionga yaqin sayyohlarni o‘ziga jalb qilar ekan.
Tashrifning ikkinchi kunida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialining xalqaro hamkori hisoblangan Qozon davlat madaniyat institutida bo‘ldik. 1969 yilda asos solingan ushbu oliy o‘quv yurti nafaqat Tatariston Respublikasida, balki Rossiya Federatsiyasidagi eng ilg‘or madaniyat va san’at institutlaridan biridir. Hozirgi vaqtda institutda 2100 nafardan ortiq talaba-yosh madaniyat va san’at ta’limi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil oladi. Oliy o‘quv yurtining o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha prorektori T.Leonteva bizni institutda talaba-yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishtirish borasida, institut tomonidan hozirgi vaqtda madaniyat va san’atga innovatsion texnologiyalarni joriy qilishga asosiy e’tibor qaratilganini aytib o‘tdi.
Ikki tomon hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, professor-o‘qituvchilar va talabalarni akademik almashish dasturini yo‘lga qo‘yish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash, birgalikda ilmiy simpoziumlar, konferensiyalar o‘tkazish, ilmiy ishlarni va metodologik materiallarni taqriz qilish, talabalarni talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb qilish, madaniyat va san’at sohasining muhim masalalarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlikdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishga kelishib olindi.
Delegatsiyamiz Tataristonga tashrifi davomida jahonning “TOP-500” lik reytingida turadigan, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot markazi sanalgan – Qozon Federal universiteti rektorati tomonidan ham tantanali ravishda qabul qilindi. Uchrashuvda Qozon Federal universiteti prorektori T.Alishov Qoraqalpog‘iston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bilan oliy ta’lim, ilm va innovatsiya sohalari bo‘yicha hamkorlik qilishga tayyor ekanligini izhor qildi.
Qoraqalpog‘iston delegatsiyasining keyingi manzili Boshqirdiston Respublikasining Ufa shahri bo‘lib, “Yevroosiyo NOTS” majlislar zalida Qoraqalpog‘iston va Boshqirdiston Respublikalari delegatsiyasi ishtirokida “Fan va ta’lim sohalarida Qoraqalpog‘iston va Boshqirdiston Respublikalari sherikligi istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Boshqirdiston Respublikasi Qurultoyi – Davlat yig‘ini qo‘mitasining fan, ta’lim, madaniyat, yoshlar siyosati va sport ishlari bo‘yicha raisi Xajin Aybulat ishtirok etdi.
Davra suhbatida Qoraqalpog‘iston va Boshqirdiston Respublikalari o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqot, sport, yoshlar siyosati, madaniyat, ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik istiqbollari tahlil qilindi va ikki Respublika Oliy o‘quv yurtlari hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq maqsad va vazifalar kelishib olindi. Davra suhbatidan so‘ng, Ufa shahridagi neft va gazni qayta ishlash, sport va jismoniy tarbiya oliy ta’lim muassasalariga sayohat tashkil qilindi.
Eng muhimi, qoraqalpoq xalqining buyuk shoiri I.Yusupov aytganidek, safar davomida “Ko‘ngil ko‘ngildan suv ichib…”, tarixiy do‘stlik aloqalari yangi zamonga xos yangilangani sezilib turdi.
Amanjol Ayapov,
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti
Nukus filiali direktori, filologiya fanlari nomzodi.
O‘zA.