Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyida 1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Baxtli bolalik sharafiga» loyihasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat va notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi va «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tashkil etildi.

Mazkur xayriya tadbirida Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 4 mingdan ortiq alohida e’tiborga olingan oila farzandlari ishtirok etib, ular uchun turli madaniy tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, kitoblar ko‘rgazmasi, hunarmandchilik mahsulotlari namoyishi, rasm chizish tanlovlari bo‘lib o‘tdi.

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan bugungi kunga qadar bolalar ma’naviy olamini yanada boyitishga qaratilgan ko‘plab loyihalar hayotga tatbiq etib kelinmoqda. Xususan, xalqimizning milliy ta’lim-tarbiya uslublari, o‘zbekona oila modeliga asoslanib farzandlarimizni voyaga yetkazish, bolalar ma’naviy dunyosini boyitish maqsadida «Zukko bolajon!» fotoalbomi tayyorlanib, yurtimizdagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida uning taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlari uchun ham «Bolalarga ma’rifat ulashib», «Baxtli bolalik» loyihalari doirasida kitob ko‘rgazmalari, turli ko‘ngilochar tomoshalar, konsert dasturlari o‘tkazilgan. Mazkur tadbirlar davomida 10 mingdan ortiq bola qamrab olingan. «Ma’rifat tur» loyihasi davomida esa o‘g‘il-qizlarning yurtimizdagi qadimiy obidalar, qadamjolar va diqqatga sazovor joylarga sayohati amalga oshirildi.

Madaniy-ma’rifiy tadbir davomida namoyish etilgan musiqali teatr bolajonlarning quvonchiga quvonch ulashdi.

 

N.Usmonova, O‘zA