O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar kundan-kun yuksalib boryapti. Ikki davlat rahbarlarining Pekin uchrashuvida munosabatlarni ijtimoiy sohada ham shu darajaga yetkazishga kelishilgan edi. Ahdlashuvlar hayotga joriy etilmoqda. Xitoyning g‘arbiy – shimolidagi Xorgos shahrida Markaziy Osiyo va Xitoy jurnalistlarining hamkorlik uyiga asos solindi.
Xorgosda garchi 30 ming aholi yashasada, har kuni bu yerga o‘n mingga yaqin tadbirkorlar keladi va uning erkin iqtisodiy hududi orqali tovar ayrboshlanadi. Endi Xorgos jurnalistlar uchun ham axborot ayrboshlash, tajriba almashish shahriga aylandi.
Uning tantanali ochilishida O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Xitoy ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistik tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar. So‘zga chiqqanlar ayni choqda dunyoda tinchlikni muloqotlar saqlashi mumkinligi, bunday muloqotlar xalqlar o‘rtasida bo‘lishi muhimligi va bunda ommaviy axborot vositalarining ahamiyati kattaligini ta’kidladilar.
Shu kuni Xitoy – Markaziy Osiyo jurnalistlarining bugunning dolzarb mavzulariga bag‘ishlangan ijodiy muloqotlari bo‘lib o‘tdi. Xitoy jurnalistlar assosatsiyasi, informatsion agentlik, bosma nashrlar bosh muharrirlari Markaziy Osiyo ommaviy axborot vositalari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro manfaatli shartnomalar asosida ish tashkil qilishni taklif etdilar. O‘zbekiston va Qirg‘iziston jurnalistlari yangi tashkil etilgan matbuot markazini o‘z mamlakatlarida sodir bo‘layotgan islohotlar haqida uzluksiz ravishda axborot bilan ta’minlab turishini ta’kidlab, ishtirokchi mamlakatlar xalqi uchun ko‘p tilli yagona axborot saytini ochish ma’qulligini bildirdilar.
Muzokaralar yakunida takliflar inobatga olindi va shu kundan e’tiboran “Xorgos xalqaro axborot uyi” faoliyatini boshlagani e’lon qilindi.
Kelgusida ishtirokchi mamlakat jurnalistlari malakasini oshirish seminarlarini ham Xorgosda tashkil etishga kelishib olindi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA