Institutsional islohotlar doirasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, milliy mudofaa sanoati yo‘nalishida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirildi.

Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan ayrim qonunlarning normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirildi.

Shuningdek, tugatilgan, qayta tashkil etilgan va tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgargan davlat organlarining vakolatlari qaysi davlat organlariga o‘tkazilgani aniqlashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida “Oʼztextreyd” davlat unitar korxonasi tuzilganligi sababli “Davlat boji to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Ma’muriy islohotlar doirasida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi.

Ma’lumki, Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlangan edi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”, “Veterinariya to‘g‘risida”, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun kelgusida agrar, suv hamda mudofaa sanoati sohalaridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari aniqlashtirilishiga va yaxlit tizim shakllanishiga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA