Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Bobur va Furqat ko‘chalarida yo‘llarni joriy ta’mirlash, transport harakatini optimallashtirish, axborot texnologiyalarini joriy etish ishlari boshlangan.

Ishlar doirasida sinov tariqasida “aqlli bekat”lar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Unga ko‘ra, jamoat transporti yo‘lovchilari va boshqalar o‘z mobil qurilmalarini quvvatlantirishi, Wi-fi tarmog‘idan foydalanishi hamda elektron tabloda kutilayotgan avtobus kelishiga qancha vaqt qolganini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, bekat videokuzatuv tizimi bilan ham jihozlanib, yanada kengroq bo‘ladi.

Bundan tashqari, Muqimiy nomidagi teatr oldida avtomobillar uchun pullik to‘xtash joylari va elektr transport vositalarini quvvatlantirish joylari sinov tariqasida tashkil qilinadi.

Qolaversa, velosiped va samokat foydalanuvchilari ham turargohdan bepul foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu mazkur manzilda yo‘l bo‘yida to‘xtash joylari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashi va kikshering foydalanuvchilari uchun qo‘shimcha qulaylik bo‘lishi kutilmoqda.

Sh. Mamaturopova, O‘zA