Belarus poytaxti Minsk shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi notarial faoliyat sohasidagi bazaviy tashkilotiga a’zo notariat tizimlar rahbarlari, soha vakillarining ikkinchi kengashi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov so‘zga chiqib, soha vakillari o‘rtasida xalqaro hamkorlikning ahamiyati haqida fikr bildirdi.

Anjumanda o‘tgan yil amalga oshirilgan ishlar yakuni sarhisob qilinadi, kelgusi yilga mo‘ljallangan ish rejasi tasdiqlanadi.

Bugungi kunda MDHga a’zo davlatlar Tayanch tashkiloti orqali notarial faoliyat sohasidagi hamkorlik soha vakillari uchun qator qulayliklar yaratadi. Masalan, mamlakatlar o‘rtasida muayyan hujjatlar bekor qilingan-qilinmaganini oson bilib olish mumkin. Shuningdek, meros ishi bilan bog‘liq hujjatlarni elektron tekshirish imkoni yaratiladi.

Qayd etish joiz, xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi natijasida, nisbatan qisqa vaqt ichida, notarial sohada ulkan ishlar amalga oshirildi. MDH davlatlari notariuslari uchun muhim mavzularda ko‘plab uchrashuv, videokonferensiya va vebinarlar tashkil etildi. Notariuslar o‘zaro amaliyot o‘tashdi. Avtotransport vositalari, elektron apostil qo‘yish, elektron hujjat aylanishi bilan bog‘liq bitimlar sohasida ko‘plab muhim ishlar amalga oshirildi.

Tayanch tashkilotning asosiy vazifasi o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash, tajriba almashishdan iborat. Yaqin kelajakda MDH davlatlari o‘rtasida notarius hujjatlarini elektron almashish joriy qilinishi rejalashtirilgan.

O‘zA