Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p xonadonli uy-joy fondining 2023-2024 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
–Mavsum oldidan ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, ularning texnik holatini monitoring qilish, shu jumladan, uy-joy fondini mukammal va joriy ta’mirlash, uy-joylarni boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, issiqlik ta’minoti tizimlarini rivojlantirish borasida qator ishlar olib borildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri vazifasini bajaruvchi Azimjon Qurbonboyev. – Hozirgi vaqtda respublikada jami 1 ming 576 ta ko‘p xonadonli uy-joy bo‘lib, shundan 1 ming 518 ta uy-joyga boshqaruv tashkiloti, 58 ta uy-joyga 5 ta uy-joy egalari shirkatlari xizmat ko‘rsatib kelmoqda,
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 19 iyundagi “Ko‘p xonadonli uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida ko‘p xonadonli uy-joylarni mukammal va joriy ta’mirlash uchun respublika byudjetidan 40,4 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘ hisobidan 392 ta ko‘p xonadonli uy-joyda ta’mirlash ishlari olib borildi. Jumladan 79 ta uyning tom qismida, 547 ta kirish yo‘laklarini ta’mirlash, 476 ta temir eshik, 521 ta raqamli qulflar o‘rnatish, 178 ta elektr shitni ta’mirlash, 97 ta uyning ichki va 109 ta uyning yerto‘lasidagi kommunikatsiya tarmoqlari, 155 ta uyning fasad qismida ta’mirlash ishlari yakunlanib, bugungi kunda 109 ta uyning yerto‘lasidagi kommunikatsiya tarmoqlarida ishlar davom etmoqda.
Bundan tashqari, respublika hududidagi ko‘p xonadonli uy-joylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlarining 121 million so‘m majburiy to‘lovlari hisobidan pod’ezdlarga 242 ta energiya tejovchi sensorli lampa o‘rnatildi.
2023-2024 yillar kuz-qish davrida iste’molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 apreldagi “2018 – 2022 yillarda issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori asosida 895,6 million so‘m hisobidan Taxiatosh issiqlik tarmoqlari mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli markazlashgan tarmoqlardan ko‘p xonadonli uy-joylarga taqsimlovchi 1,5 kilometr tarmoqda mukammal ta’mirlash ishlari olib borildi. Korxona hisobidan kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida joriy yilda 1 ta qozonxona hamda 0,263 kilometr issiqlik tarmoqlarini joriy ta’mirlash belgilanib, bugungi kunda ta’mir ishlari to‘la yakunlandi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 1576 ta ko‘p xonadonli uydan 441 ta ko‘p xonadonli uy zamonaviy issiqlik ta’minoti bilan ta’minlangan.
Boshqaruvchi tashkilotlarning tijorat banklari tomonidan olingan kredit mablag‘larini qaytarish uchun vazirlikda yagona tizim yaratildi. Shu asosda shahar va tumanlar kesimida joriy yilning yanvar-oktyabr oylari uchun 5,4 milliard so‘mlik majburiy to‘lovlarni undirish rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan 3,8 milliard so‘m undirildi. Shu bilan birga tugatilgan shirkatlardagi ko‘p xonadonli uy-joylar bilan xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv tashkilotlari o‘rtasida shartnoma tuzish ishlari olib borilmoqda.
Yuzaga kelgan 8,6 milliard so‘mlik debitor qarzdorlikni qisqartirish, banklardagi qarzdorlikni qaytarish va boshqaruv organlarining majburiy to‘lovlarini undirish bo‘yicha yillik rejani bajarish asosiy maqsad qilib olindi. Shundan 4,4 milliard so‘mlik majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan 6 ming 439 ta uy-joy mulkdorlariga qarzlarini to‘lash yuzasidan ogohlantirish xati berildi. Natijada bugungi kunga 831 ta uy-joy mulkdorlari tomonidan 453,6 million so‘mlik qarzdorlik to‘landi. Shuningdek, sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlarning bajarilishini ta’minlash maqsadida 17 ta qarzdor uy-joy mulkdorlaridan 17,7 million so‘m miqdoridagi qarzdorlik undirilgan bo‘lsa, 72 million so‘mlik 47 da’vo ariza sudlarning hal qiluvchi qaroriga muvofiq majburiy ijro byurosi tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Kelgusi yilda ko‘p xonadonli uy-joylarni mukammal va joriy ta’mirlash uchun 21,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shundan 28 ta uyning tom qismida, 196 ta kirish yo‘lakni ta’mirlash ishlari, 214 dona raqamli temir eshik o‘rnatish, 49 ta elektr shitni ta’mirlash, 119 ta uyning ichki, 122 ta uyning yerto‘lasidagi kommunikatsiya tarmoqlarini, 64 ta uyning fasad qismini ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri