Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda ko‘mir sotib olishga ajratilgan mablag‘ni talon-toroj qilganlar aniqlandi.
Jumladan, “S.g.” mas’uliyati cheklangan jamiyat mas’ul shaxslari 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumida 18 ta ta’lim tashkiloti va 1 ta oilaviy poliklinikaga ko‘mir sotib olish uchun ajratilgan 1,1 milliard so‘mning 187,5 million so‘mini boshqa maqsadlarga sarflagan. Shuningdek, “T.B.” mas’uliyati cheklangan jamiyat go‘yoki 1 ming 17 tonna ko‘mir yetkazib berganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, 931,5 million so‘mni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri