Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugun, 22 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 100 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovida g‘olib e’lon qilindi.
Vazirlik matbuot xizmatining qayd etishicha, mazkur loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida “Umumiy quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurish loyihasini ishlab chiqish va maslahat xizmatlarini ko‘rsatish dasturi” (EBRD Phase 2) doirasida amalga oshirilmoqda.
–Ushbu loyihani amalga oshirishga ikkita xalqaro kompaniya qiziqish bildirdi. Jumladan, Saudiya Arabistonining “ACWA POWER-Saudi Listed Joint Stock Company” kompaniyasi tomonidan shamol elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan 1 kVt·soat elektr energiyasi va elektr energiyasini saqlash tizimi uchun 4,09 AQSH senti taklif qilindi. Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar” kompaniyasi tomonidan shamol elektr stansiyasidan ishlab chiqariladigan 1 kVt·soat elektr energiyasi va elektr energiyasini saqlash tizimi uchun 4,99 AQSH senti taklifi bilan chiqdi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida quvvati 200 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini hamda quvvati 100 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimini qurish” loyihasi doirasida “ACWA POWER-Saudi Listed Joint Stock Company” kompaniyasi tenderning dastlabki g‘olibi, “Abu Dhabi Future Energy Company PJSC – Masdar” kompaniyasi tenderning zaxira g‘olibi, deb e’lon qilindi. Yaqin kunlarda tanlov hujjatlari Tender komissiyasi tomonidan YeTTB maslahatchilari ishtirokida ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan o‘tkazildi. Moliyaviy takliflarning talab etilgan mezonlarga muvofiqligi baholangandan so‘ng loyihani amalga oshiradigan investorning nomi e’lon qilindi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak va Beruniy tumanlaridagi 200 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi va 1 soat davomida 100 MVt quvvat beradigan elektr energiyasini saqlash tizimini o‘z ichiga oladi. Tenderda g‘olib bo‘lgan investor shamol elektr stansiyasini loyihalashtiradi, moliyalashtiradi va boshqaradi.
N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA