FOTOREPORTAJ

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida O‘zbekiston davlat akademik rus drama teatri jamoasi Orolbo‘yida ijodiy safarda bo‘ldi.

Nukus shahrida joylashgan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri sahnasida poytaxtlik jamoaning O‘zbekiston xalq yozuvchisi, dramaturg Erkin A’zam qalamiga mansub “Tanho qayiq” (“Odinokaya lodka”) spektakli rus tilida tomoshabinlar e’tiboriga namoyish etildi.

Spektakl O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli rejissyor va san’at arbobi Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan.  Sahna asarida Orol dengizining qurishi oqibatida mintaqada paydo bo‘lgan ekologik muammolar, uning butun dunyo xalqlari hayotiga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri, shuningdek, dengiz bo‘yida yashovchi baliqchilarning sog‘inch va muhabbatga to‘la tuyg‘ulari tasvirlab berilgan.

Bosh qahramon “Orol bobo” rolini O‘zbekiston xalq artisti, aktyor Afzal Rafiqov ijro etgan. Aktyorlar Sh. Ismaylov, F. Aripov, S. Shermatov, Sh. Abduqunduzov, S. Hasanov, A. Maslov, R. Marinin, S. Shamsutdinov, A. Bakirov, Z. Raimqulova, K. Savchenko va N. Nedostupovalarning ijro mahorati ham tomoshabinlarda yaxshi taassurot qoldirdi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA