O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tashabbusi bilan joriy yilning 18 – 19 noyabr kunlari bir guruh jurnalistlar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar uchun Orolbo‘yiga press-tur tashkil etildi.
Hududdagi umumfoydalanuvdagi avtomobil va ichki xo‘jalik yo‘llarini to‘liq hamda joriy ta’mirlash bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ta’mirtalab 237 kilometr yo‘lning 9 kilometrida rekonstruksiya, 3 kilometrida to‘la ta’mirlash, 92,5 kilometrida joriy ta’mirlash, mahallalarda birinchi navbatda ta’mirlanishi zarur bo‘lgan 116,7 kilometr yo‘llarda ta’mirlash ishlari bajarildi.
Tadbir ishtirokchilari Qo‘ng‘irot tumanidan o‘tgan A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 964 – 1204 kilometri oralig‘idagi (240 km) qismini sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish, ushbu yo‘lning Nukus shahridan o‘tgan 753 – 698 hamda 581 – 673 km (92 km) qismini rekonstruksiya qilish jarayonlari bilan tanishdi.
–Ushbu rekonstruksiya ishlariga Ozarbayjonning “North West Construction LLC” va Xitoyning “Road and Bridge Corporation” kompaniyalari (CRBCChina) jalb qilingan bo‘lib, ayni kunda ish jadal davom etmoqda, – deydi Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokidagi A380 “G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu” avtomobil yo‘lining 964-1204 km qismini rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish guruhi muhandisi Bahodir Boltaboyev. – Shundan bugungi kunga 140 kilometriga sement-beton qoplama yotqizildi.
Tadbir ishtirokchilari Amudaryo tumanidagi daryo ustidan o‘tadigan temiryo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi qurilishi jarayonlarini kuzatib, yo‘lsozlar bilan muloqot qildi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan Toshkent davlat transport universiteti bilan yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy faoliyatga keng yo‘naltirish borasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, avtomobil yo‘llari muhandisligi fakulteti talabalarining nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida yo‘l qurilish-ta’mirlash ob’ektlarida ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun sharoitlar yaratilgan. Mazkur oliy o‘quv yurti o‘qituvchi va talabalari tadbirda ishtirok etib, nazariy bilimlarini amaliyot bilan bog‘lash imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek o‘quv-ilmiy poligonlarda sohaga innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, yo‘l qurilish-ta’mirlash ishlariga yangi materiallarni tatbiq etish bo‘yicha tajriba-sinov ishlari haqida ma’lumotlar berildi.
Mamlakatimizda yo‘l xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish va raqamlashtirish, sohada sifat nazoratini kuchaytirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xususiy sektor korxonalarini keng jalb qilish uchun sharoit yaratish hamda byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirishda davlatimiz rahbarining joriy yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yo‘l ishlariga ajratilayotgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yo‘l-qurilish ishlarini amalga oshirish, shuningdek, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini nazarda tutadigan tizim (hajm usuli) joriy etiladi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab yangidan boshlanadigan ob’ektlarda yo‘l-qurilish ishlari bo‘yicha loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan, xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda uzunligi 20 kilometrgacha bo‘lgan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga autsorsing asosida xususiy sektor jalb qilinadi. Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankidan ajratiladigan imtiyozli kredit mablag‘i hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida “loyihalash – qurish – ekspluatatsiya qilish” uslubini joriy qilgan holda loyihalar amalga oshiriladi.
Mazkur qaror bilan sohada davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish va rivojlantirish maqsadida pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etish loyihalarini amalga oshirish boshlanadi. Jumladan, davlat dasturiga muvofiq, 2026 yilgacha hududlardagi 897 ta ko‘prik qayta tiklanadi. Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash dasturiga muvofiq 50 ming kilometrdan ortiq avtomobil yo‘li, shundan 13,5 ming kilometrdan ortiq ichki yo‘llar ta’mirlanadi, 25,3 ming kilometrdan ortiq tuproq yo‘llar 2025 yil yakuniga qadar to‘liq qattiq qoplama yo‘llar toifasiga o‘tkaziladi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha yo‘l infratuzilmasini kompleks takomillashtirish bo‘yicha aniq loyihalar, umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ko‘kalamzorlashtirish ishlari, jumladan, avtomobil yo‘llari bo‘yida “yashil belbog‘”lar tashkil etilishi bo‘yicha amaliy ishlar olib boriladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari