Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

“Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar barcha yoshdagi sportchilarni, sog‘lom turmush tarzi ixlosmandlarini mamlakatimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi bilan qutladi va sport musobaqasiga start berildi. Unda respublikaning shahar va tumanlaridan 5 ming 800 nafardan ziyod ishtirokchi belgilangan 3 kilometrlik masofani bosib o‘tdi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida R.Iskandarov, qizlar o‘rtasida A.Sologub, imkoniyati cheklangan o‘g‘il bolalar o‘rtasida N.Sariboyev, qizlar o‘rtasida A.Tursinbayeva, faxriylar o‘rtasida M.Yesbog‘anov finishga birinchi bo‘lib keldi. Shuningdek, 25 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Musobaqada g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi.

Ommaviy yugurish musobaqasi doirasida turli ko‘ngilochar tadbirlar ham tashkil etildi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA