Nukus shahridagi markaziy maydonda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda vazirliklar, huquq-tartibot idoralari xodimlari, harbiylar, yozuvchi-shoirlar, san’at arboblari, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari R.Saparbayev, “Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist N.Matyaqubova, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi rahbari T.Atamuratov, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi B.Ergashev davlat ramzlarining yurtimiz taraqqiyoti va fuqarolar hayotidagi tutgan o‘rniga to‘xtalib, ishtirokchilarni mamlakatimiz bayrog‘i qabul qilinganligining 32 yilligi bilan qutladi.

–Davlat bayrog‘i insonlarda eng, avvalo. vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytiradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Nazira Matyaqubova. – Aytaylik sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda g‘alabaga erishib bayrog‘imiz baland ko‘tarilganini, askarlarimiz  bayrog‘imiz poyiga tiz cho‘kib qasamyod qilganini yoki jajji bolalar maktabga ilk qadam qo‘yganida bayroqchalarni hilpiratib ko‘tarib turganini ko‘rganimizda qanchalik to‘lqinlanamiz. Davlatimiz bayrog‘i xalqaro minbarlarda hilpiraganida esa cheksiz faxr-iftixorga to‘lamiz. Bularning barchasi Ona Vatanimizga bo‘lgan cheksiz mexr muhabbatimiz ifodasidir.

Tantanali tadbir san’at ustalari va yosh ijrochilarning bayram konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri