Argentinada prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi davom etyapti. Bu jarayonda 35 milliondan ziyod saylovchi og‘ir iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan mamlakatning keyingi 4 yillik kelajagini belgilab oladi.
“Euro News” ma’lum qilishicha, eng yuqori lavozimga nomzodlar – iqtisodiyot vaziri – Peronistlar vakili, so‘l markazchi Serxio Massa va doimiy ravishda
Donald Tramp bilan taqqoslanadigan libertar “Ozodlik keladi” koalitsiyasi yetakchisi Xaver Miley o‘rtasida “poyga” davom etmoqda.
Bir oy oldin, birinchi bosqichda Miley 30 foiz, Massa esa 37 foiz ovoz to‘plagan edi. Amaldagi iqtisodiyot vazirining muvaffaqiyati tahlilchilarni hayratda qoldirdi. U mamlakatda yillik inflyatsiya darajasi rekord ko‘rsatkich – 143 foizga yaqinlashayotganini e’lon qildi.
Tashqi qarz va iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida raqobat yo‘qligi inflyatsiya tarixan yuqori nuqtaga chiqqaniga asosiy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, vaziyat bu yilgi qurg‘oqchilik tufayli yanada yomonlashdi.
Massa holatni “byudjet intizomi” va valyuta zaxirasini boyitish orqali o‘nglashga, Miley esa pesoni dollarga almashtirib, Markaziy bankni tugatishga va’da bermoqda.
Dastlabki natijalar mahalliy vaqt bilan 21.00 dan keyin e’lon qilinadi.