O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi, akademik Akmal Nuriddinov “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Ushbu ko‘krak nishoni Akmal Nuriddinovga Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan O‘zbekiston va xorijda xalq diplomatiyasiga qo‘shgan hissasi uchun berildi.

Akmal Nuriddinov (Akmal Nur) 1959 yilda Namanganda tavallud topgan. Rangtasvir yo‘nalishila ijod qiluvchi mo‘yqalam sohibining betakror asarlari jahonning ko‘plab davlatlarida yuksak e’tirof etilgan.

A.Nuriddinov 1978 yilda Pavel Benkov nomidagi Respublika rassomlik bilim yurtining dastgohli rangtasvir bo‘limini, 1984 yilda esa Toshkent davlat san’at institutining dastgohli rangtasvir bo‘limini tamomlagan.

Ustoz ijodkor 1985 – 1989 yillarda o‘sha davrdagi mamlakat Badiiy akademiya tizimidagi atoqli musavvir Rahim Ahmedov ijodiy ustaxonasida o‘z bilim va mahoratini charxlagan.

Akmal Nuriddinov ijodiga mansub asarlar yurtimiz hamda jahon muzeylari, xususiy galereyalarida saqlanmoqda.

Aytish kerakki, keyingi yillarda milliy tasviriy san’atimiz  rivoji yo‘lidagi e’tibor natijasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar bilan ijodiy loyihalar qamrovi tobora kengaydi. Akmal Nuriddinov rahbarlik qilib kelayotgan O‘zbekiston Badiiy akademiyasining tashabbusi bilan turli ko‘rgazmalar, ijodiy tanlovlar, biyennalelar, mahorat darslari, simpoziumlar, ijodiy plenerlar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda.

Ijod dunyosida nom qozongan O‘zbekiston musavvirining xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilishi yangilanayotgan O‘zbekistondagi badiiy jarayonlarga berilayotgan baho ekani diqqatga sazovor.

 

Nazokat Usmonova,  

O‘zA