Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash hamda yo‘l-harakati qoidalariga yangi tizimlarni joriy etish borasida qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Qo‘mita raisi Jahongir Shirinov yurtimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avtomobil yo‘llari infratuzilmasini takomillashtirish va ularning sifatini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ammo sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjudligi, ularni hal etish choralarini ko‘rish zarurligini qayd etdi.

Eshituvda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov sohadagi ishlar haqida ma’ruza qildi:

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022 yil 11 fevraldagi  videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi sohasida to‘planib qolgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish borasida bir qator topshiriqlar bergan edi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tashkil etildi. Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning 5 ta ustuvor yo‘nalishi belgilab berildi. Bugun shular asosida faoliyat olib borilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, yo‘l harakati hodisalarining 50 foizi yo‘lovchilarning xatosi bilan sodir bo‘lmoqda. Shu bois ham yo‘lovchilarning, ham haydovchilarning mas’uliyati va madaniyatini oshirish borasida ishlar amalga oshirilmoqda. Yo‘l-harakati sohasidagi huquqiy bo‘shliq va ziddiyatlarni bartaraf etish, sohada yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish, har bir yo‘l-harakati ishtirokchilarining qoidalarga qat’iy amal qilishini ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga xizmat qiladigan qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unda bir qator yangiliklar o‘z aksini topmoqda. Jumladan, haydovchilarni javobgarlikka tortish va rag‘batlantirishning zamonaviy tizimini joriy etish bo‘yicha ham normalar belgilanmoqda, — dedi Erali Bozorov.

Eshituvda qayd etilganidek, 2021 yilda sodir etilgan 10 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisalari oqibatida 9 ming 230 kishi jarohat olgan bo‘lsa, 2 ming 426 kishi bevaqt hayotdan ko‘z yumgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 9 ming 902 tani tashkil etib, yo‘l-transport hodisalari oqibatida 9 ming 606 kishi jarohat olgan, 2 ming 356 kishi vafot etgan. 2023 yilning o‘tgan 8 oyida esa sodir etilgan 5 ming 772 ta yo‘l-transport hodislari oqibatida 5 ming 448 nafar kishi tan jarohati olgan, 1 ming 415 kishi halok bo‘lgan.

Yo‘l harakati ishtirokchilarining hayotini asrash, xavfsizligini ta’minlash maqsadida sohadagi huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish muhimligi ta’kidlandi. Bu borada yuqorida aytilgan qonun loyihasini parlament quyi palatasiga kiritish muddatlariga amal qilish lozimligi qayd etildi.

— Yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish borasida qator ishlar qilinyapti, — deydi deputat Dilmurod Ismoilov. — Xususan, o‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga 9 marotaba o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bundan tashqari, yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida 2022-2023 yillarda tizim faoliyatini takomillashtirish va yangi mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan 5 ta Prezident qarori, 10 ta Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan. Ammo ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ko‘lamiga qaramasdan yo‘l-transport hodisalari yuqoriligicha qolmoqda.

Bugungi eshituvda yo‘l-transport hodisalarining oqibati bilan emas, balki sabablari bilan kurashish, yo‘llar infratuzilmasini talab darajasiga yetkazish, shuningdek, hukumat tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi muhokamalarimiz markazida bo‘ldi.

Loyihaga ko‘ra, endilikda mast holda transport boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi ko‘zda tutilmoqda. Ammo jarimalarni oshirish, javobgarlikni kuchaytirish bilan masalaga yechim topish qiyin. Bu borada haydovchi va yo‘lovchilarning madaniyatini oshirish va YHTlarni keltirib chiqarayotgan sabablarni bartaraf etish dolzarb ahamiyatga ega.

Muhtarama Komilova,

Davron Ernazarov (surat), O‘zA