Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ochilish marosimi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 28 sentyabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijtimoiy himoyani mahalla darajasida tashkil etish, ijtimoiy xizmat va yordamlarni kompleks yondashuv asosida ko‘rsatish, aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, ijtimoiy himoyaning manzilliligi va samaradorligini oshirish hamda aholining ko‘makka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu qaror asosida tajriba tariqasida mamlakatimizning 28 ta shahar va tumanida, shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy hamda Xo‘jayli tumanlarida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarini tashkil etish belgilandi. 2024 yil 1 yanvargacha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ushbu hududdagi ijtimoiy xodimlarga 26 ta xizmat ko‘rsatish vazifasi yuklatiladi. 2024 yil 1 yanvardan boshlab esa 23 ta ijtimoiy xizmat yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur qaror bilan ijtimoiy xodim faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy xizmatlar sohasini takomillashtirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami bilan ishlash yo‘nalishlari belgilandi. Bundan tashqari, markazlarda ruhiy-ijtimoiy yordam mobil xizmati tashkil etilmoqda. Ushbu mobil guruhlar yurist, psixolog va ijtimoiy xodimlardan iborat tarkibda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan fuqarolarga shoshilinch ruhiy-ijtimoiy, huquqiy xizmatlarni sayyor (ko‘chma) tartibda ko‘rsatadi.
Ushbu belgilangan ijtimoiy xizmatlar va yordamlarning tezkor va manzilli ko‘rsatilishini ta’minlash uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan ijtimoiy xizmat va yordamlarning pasport loyihalari ishlab chiqildi. Shu bilan birga, “Mahallaning ijtimoiy pasporti” ishlab chiqildi va hududiy boshqarmalarga yuborildi.
Bundan tashqari, “Ijtimoiy xodim to‘g‘risida”gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Mazkur nizom bilan ijtimoiy xodimning asosiy vazifa va funksiyalari, huquq hamda majburiyatlari, faoliyatidagi cheklovlar va boshqa masalalar belgilanmoqda. Alohida ta’kidlash lozimki, amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi “Ijtimoiy davlat” tamoyilini amalda va hayotda ro‘yobga chiqarish uchun bajarilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari yangi markazda aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari