Buyuk Britaniyaning Duglas shahrida poyoniga yetib borayotgan “Grand Swiss FIDE” xalqaro turnirining so‘nggi 11-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tishi arafasida g‘oliblikka da’vogar bo‘lgan asosiy shaxmatchilar deyarli aniq bo‘lib qoldi.
Murosasiz bahslar natijasida 7,5 ochko jamg‘arib, “Grand Swiss FIDE”da peshqadamlik qilayotgan “FIDE” bayrog‘i ostida dona surayotgan Andrey Yesipenko, hindistonlik Vidit Santosh, AQSHlik Xikaru Nakamura hamda 7 ochkoga ega serbiyalik Aleksandr Predke, hindistonlik Arjun, germaniyalik Vinsent Keymer g‘olib va sovrindorlikka nomzod bo‘lib turibdi.
Mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Nodirbek Abdusattorov 6 ochkoga ega bo‘lgan holda 12, 14 va 23-o‘rinlarda qayd etilgan.
Kecha o‘tkazilgan 10-tur o‘yinlarida Abdusattorov – Sindorov durangga erishgan bo‘lsa, N.Yoqubboyev va fransiyalik Eten Bakro uchrashuvida ham tomonlar murosa yo‘lini tanlab, 0,5 ochkodan bo‘lishib oldi. Sh.Vohidov Germaniya vakili Aleksandr Donchenkoni katta ustunlik bilan mag‘lub etdi va ochkolari sonini 4,5 taga yetkazdi.
Bugun, 5 noyabr kuni o‘tkaziladigan so‘nggi 11-turda Arjun – Nakamura, Santosh – Predke, Anish – Yesipenko, Karuana – Keymer o‘rtasidagi bahslar sovrinli o‘rinlar taqsimoti qay ko‘rinishda bo‘lishiga oydinlik kiritishi bilan ahamiyatli bo‘ladi.
Mamlakatimiz vakillaridan Sindorov “Grand Swiss FIDE” turnirining oxirgi 11-turida rossiyalik Vladislav Artemev bilan, Nodirbek Yoqubboyev qora donalarda Fransiya vakili Alireza Fruduji bilan, Abdusattorov qora donalarda ukrainalik Yuriy Kuzubov bilan, Vohidov shvetsiyalik Nils Grandelius bilan ro‘baro‘ keladi.
11-tur holatiga ko‘ra, aytib o‘tganimizdek, 3 nafardan shaxmatchilar 7,5 va 7 ochko jamg‘argan bo‘lsa, 5 nafari 6,5, 18 nafari 6, 16 nafari 5,5, 23 nafari 5, 15 nafari 4,5 ochkoga egalik qilmoqda.
Voqealar rivojidan oldinga o‘tib aytish mumkinki, Sindorov, Yoqubboyev va Abdusattorov so‘nggi turda muvaffaqiyatga erishsa, “Grand Swiss FIDE”ning mukofot jamg‘armasi taqsimlanadigan kuchli 10 talikda yakunlashi tayin. Bu borada hamyurtlarimizga omad yo‘ldosh bo‘lishini tilab qolamiz.
Musobaqaning ayollar guruhidagi bahslarda 8 ochkoga ega hindistonlik Rameshbabu Vayshali yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlardan 7,5 ochkoga ega ukrainalik Anna Muzichuk va mug‘ulistonlik Batxuyagiyn Mongontuul joy olgan. Ayollar o‘rtasidagi so‘nggi turda Mongontuul – Rameshbabu bahsi bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, “Grand Swiss FIDE”ning mukofot jamg‘armasi 600 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lib, 460 ming AQSH dollari erkaklar o‘rtasida, 140 ming AQSH dollari ayollar o‘rtasidagi sovrinli o‘rinlar uchun taqsimlanadi. Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda sovrinli o‘rinlar 31 ta o‘rin orasida bo‘linadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA