Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-kutubxona markazida “INFOLIB UZBEKISTON – 2023” XII milliy axborot-kutubxona haftaligi yakuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘ldi.

– Mazkur haftalik mutolaa madaniyatini rivojlantirish, sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarni kitobxonlarga yaqindan tanishtirish, aholini, shu jumladan, yoshlarni ziyo maskanlariga jalb qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Zibagul Saparova. – Uning doirasida Axborot-kutubxona markazi va o‘quv yurtlarida kitob ko‘rgazmalari, taqdimotlar, viktorina o‘yinlari, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etildi.

Buyuk alloma Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan “Qomusiy asarlar yaratuvchisi”, “Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish, ularni bir maqsad sari birlashtirish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, shuningdek, yana boshqa yot illatlarning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish” mavzularida taqdimot marosimlari, pokistonlik yozuvchi, Nobel mukofoti sovrindori Malala Yusufzayning “Men Malalaman” kitobidan “Malala monologi” mavzusida ko‘rik-tanlov, kitobxonlar tomonidan ko‘p so‘ralgan kitoblarni ifodali o‘qish, qissa voqealaridan savol-javoblar o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston xalq shoiri, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori Abbaz Dabilov tavalludining 125 yilligiga bag‘ishlangan “Poeziya guldastasi”, “Shuhrat” medali sohibi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi bosh ilmiy kotibi, kimyo fanlari doktori, professor Sharibay Turemuratov bilan “Ilm-fan va ta’lim arbobi”, yosh shoirlar bilan “She’riyat yulduzlari” mavzularida uchrashuv kechalari, “Xalq og‘zaki ijodida ayollar timsoli”, “Axborot texnologiyalari asrida kutubxona kadrlarini tayyorlashning dolzarb vazifalari” mavzularida davra suhbatlari, “Shaxsiy rivojlanish asoslari”, “Axborot-kutubxona fondlarini xatlovdan o‘tkazish, qayta baholash: muammo va yechimlar” mavzularida o‘tkazilgan seminarlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bundan tashqari, haftalik doirasida kutubxona bo‘ylab ekskursiyalar, kitoblar ko‘rgazmalari hamda turli nashriyotlarda chop etilgan kitoblar taqdimoti kabi qiziqarli tadbirlar o‘tkazildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari