Ayni paytda mamlakatimizda mirishkor dehqonlar yetishtirgan paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda.

Ushbu mavsumiy ishlarga bandligi ta’minlanmagan ishsiz fuqarolar vaqtincha jalb qilinib, ularga fermerlar va tegishli tashkilotlar tomonidan xavfsiz va munosib mehnat sharoitlari yaratilgan. Ta’kidlash joizki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan munosib mehnat sharoitlarini yaratish va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha monitoring tadbirlari muntazam ravishda olib borilmoqda.

Xo‘jayli tumanidagi “Bek tex agro” fermer xo‘jaligida mavsumiy mehnat xavfsizligining to‘g‘ri tashkil qilingani bilan tanishganimizda bunga guvoh bo‘ldik.

– 2019 yilda tashkil etilgan xo‘jaligimiz asosan paxta yetishtirishga ixtisoslashgan, – dedi fermer B.Saparbayev. – Umumiy yer maydonimiz 89,3 gektarni, shundan ekin maydoni 75,6 gektarni tashkil etadi. Ayni paytda kuniga yuz nafardan ortiq hasharchi va terimchi yordam berayotgan bo‘lsa, ularning ko‘magi bilan kunda 2 tonnadan ziyod paxta xirmoni yaratilmoqda. Ayni paytda davlatga paxta topshirish rejasi 90 foizga bajarildi. Hali ham dalalarda hosil bor. Belgilangan rejani 105 foizga bajarish niyatidamiz.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari