Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Xo‘jayli tuman hokimligi Axborot xizmati tomonidan ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun media-tur tashkil etildi.

Tadbirda tuman fermer xo‘jaliklarida paxta yig‘im-terimi davomida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish, mahallalarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan bandlik masalasining hal qilinishi holatlari o‘rganildi.

Media-tur ishtirokchilari dastlab “Mustaqillik” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Kuregenov Alpamis” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. A.Zayrov rahbarlik qilayotgan fermer xo‘jaligi 2019 yili tashkil etilgan bo‘lib, jami 37,5 gektar maydonga ega. Fermer xo‘jaligida 110 bosh qoramol boqilmoqda. Bundan tashqari, parranda, yilqi, qo‘y, naslli echki hamda tuyalar ham parvarish qilinmoqda. Ommaviy axborot vositalari vakillari aholini arzon go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek, ishchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ishtirokchilar tumandagi “Bek tex agro” mas’uliyati cheklangan jamiyatda terimchi- hasharchilarga yaratilgan sharoit, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, “Jayxun” shaharcha fuqarolar yig‘inidagi obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdi.

Tadbir yakunida tuman Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarning qonuniy mehnat huquqlarini muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, hududlarda kambag‘allikni qisqartirish, bo‘sh ish o‘rinlarini aniqlash, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mehnat yarmarkalarini tashkil etish, shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi mobaynida bo‘lim tomonidan 1 ming 592 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanib, 367 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, 337 nafari kasbiy ta’limga jalb qilindi. 462 nafariga huquqiy maslahat berildi. Aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida tashkiliy ishlar amalga oshirilib, 9 ming 869 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Hududda kam ta’minlangan, ishsiz fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni imtiyozli kreditlar hisobidan tadbirkorlikka jalb qilishda mahallalardagi hokim yordamchilarining xizmati katta bo‘lmoqda. Jumladan, ular ko‘magida 4 ming 452 nafar kishiga chorvachilik, parrandachilik, issiqxona, bog‘dorchilik hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida jami 46 milliard 447 million so‘m kredit ajratildi. Natijada tumanda 551 ta yangi tadbirkorlik sub’ekti faoliyatini boshladi.

Mahallalar bo‘yicha bugungi kunda 5,1 milliard so‘mlik 94 ta loyiha ishga tushirilib, qo‘shimcha 193 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Tumanda yana 6,1 milliard so‘mlik 113 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, 9 oy mobaynida “Ayollar daftari”ga kiritilgan 1 ming 825 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlanib, 276 nafariga 1 milliard 758 million so‘mdan ziyod kredit ajratildi.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA muxbirlari