Joriy yilning 15-22 oktyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining tashabbusi bilan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida qoraqalpog‘istonlik delegatsiya uchun Tunis Respublikasiga amaliy–o‘quv safari tashkillashtirildi.
Delegatsiya tarkibi davlat idoralari, “Muynak Tours”, “Ayaz Yurt”, “Topraqqala Tour”, “Karakalpak Palace” turistik korxonalari rahbarlari, turizm sohasidagi ekspertlar, shuningdek, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining vakillaridan iborat.
Amaliy-o‘quv safari Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining “Iqtisodiy islohotlar va O‘zbekiston hududlarida iqtisodiy rivojlanishga ko‘maklashish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘istonda 2023-2026 yillarda turizmni rivojlantirish strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, safarning asosiy maqsadi Qoraqalpog‘istonga geografik jihatdan o‘xshash bo‘lgan Tunis Respublikasining turizm sohasiga oid tajribasini o‘rganishdan iborat.
Safar davomida delegatsiya a’zolarining Tunis Respublikasi Turizm va hunarmandchilik vazirligi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti vakillari bilan uchrashuvi, Medina shahrining madaniyati va turistik salohiyati bilan tanishib chiqishi, sahro hududlaridagi turizm ob’ektlari va joylashtiruv vositalarining faoliyatini o‘rganib chiqishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun: Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi bilan hamkorlikda so‘nggi yillar mobaynida bir qator loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Shular qatorida Qoraqalpog‘istonda 2023-2026 yillarda turizmni rivojlantirish strategiyasining ishlab chiqilishi asosiy yirik loyihalardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri